22 noyabr kuni soat 15:00 da JCH-2022'ning C guruhidan joy olgan birinchi o‘yin — Argentina va Saudiya Arabistoni terma jamoalari uchrashuviga start berildi. O‘yin oldidan ko‘pchilik argentinaliklarning katta hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlanishini kutayotgan edi. Biroq Saudiya Arabistoni futbolchilari bunga rozi bo‘lishmadi va lotinamerikaliklardan sensatsion tarzda g‘alabani tortib olishdi.

«Lusail» stadioni.

Argentina — Saudiya Arabistoni bahsi Lusail shahridagi Lusail Iconic Stadium’da bo‘lib o‘tdi. Ushbu stadion Lusail shahri bilan birganlikda, noldan boshlab qurilgan. Ushbu maydon o‘z bag‘riga 80 ming kishini sig‘dira oladi. Lusail stadionida JCH-2022'ning so‘nggi uchrashuvi — final bahsi bo‘lib o‘tadi.

Argentina — Saudiya Arabistoni 1:2

Ehtimol, o‘yindan oldin ko‘pchilik Argentina terma jamoasi o‘z o‘yinlarini yirik hisobdagi yengil g‘alaba boshlaydi deb kutgandir. Ammo saudiyaliklar bugun o‘zlarining jiddiy raqib ekanliklarini amalda isbotlashdi. Qirollik mamlakatidan kelgan futbolchilar vaziyatlardan unumli foydalanishdi va himoyadagi o‘yinda yakdillik bilan harakat qila olishdi.

1-taymning 9-daqiqasida Saudiya Arabistoni darvozasiga penalti belgilandi. Messi esa to‘pni burchakka yo‘naltirdi va darvozani ishg‘ol qildi — 1:0. Goldan keyin argentinaliklar biroz yengil tortishdi shekilli, o‘yin tezligi biroz pasaydi. 23-daqiqada Messi yana bitta gol kiritdi… Ammo uning o‘zi ofsaydda qolib ketgan edi, gol bekor qilindi. 27-daqiqada Lautaro Martines darvozani ishg‘ol qildi. Biroq VAR tizimi vaziyatni ko‘rib chiqqach, ushbu gol ham bekor qilindi — Lautaro ham o‘yindan tashqari holatda qolib ketgan ekan. 1-taym shu asnoda, penaltidan urilgan bitta gol hamda ofsayddan kiritilgan ikkita gol bilan yakunlandi. Hisob 1:0.

2-taymda saudiyaliklar o‘zgacha ishtiyoq bilan o‘yinga tushishdi. Taymning 3-daqiqasidayoq Solih Al-Shehri hisobni tenglashtirdi. U jarima maydonchasi ichiga uzatilgan to‘pni qabul qilib olib, uni o‘tkir burchakka «mixlab» qo‘ydi.

Al-Shehri golni nishonlamoqda.

Biroq hammasidan ham hayratlanarli hodisa yana 5 daqiqa o‘tgach ro‘y berdi. Muxlislar tomonidan «arab Messisi» deb ataluvchi Salim Al-Davsari to‘pni «to‘qqizlikka» yo‘naltirdi va Saudiya Arabistonini hisobda oldinga olib chiqdi — 1:2! Stadion larzaga keldi. Qatar va Saudiya Arabistoni yonma-yon joylashgani sababli, bugungi o‘yinga ko‘plab saudiyalik muxlislar tashrif buyurishgan.

O‘yinning qolgan qismida Lionel Skaloni shogirdlari saudiyaliklar darvozasiga yo‘l topishga harakat qilishdi. Ammo Saudiya Arabistoni futbolchilari jipslashgan holda harakat qilishdi.

Hakam 2-taymga 8 daqiqa qo‘shib berdi. Qo‘shib berilgan vaqtlarda Argentina hisobni tenglashtirishga harakat qildi. Shunday hujumlardan birida Saudiya Arabistoni darvozaboni Al-Ovays to‘pni ushlash uchun sakrab chiqdi va o‘z jamoadoshi Al-Shaxrani bilan to‘qnashib ketdi. To‘qnashuvda darvozabonning tizzasi Al-Shaxranining boshiga qattiq urildi, biroz vaqtgacha tibbiy yordam futbolchini o‘ziga keltirishga harakat qildi. Biroz o‘tib, futbolchini olib chiqib ketishdi, u yotgan holida hammasi yaxshi deya ishora berdi.

Hakam buni hisobga olgan holda o‘ynash uchun yana biroz vaqt berdi — o‘yin 105 daqiqa davom etdi. Xushtak chalindi va ushbu sensatsion bahsda Saudiya Arabistonining qo‘li baland keldi.


Saudiya Arabistoni 2-tur doirasida 26 noyabr kuni soat 18:00 da Polsha terma jamoasining sinovidan o‘tadi (yoki Polshani sinovdan o‘tkazadi — bunisi hozircha noma’lum). Argentina terma jamoasi esa navbatdagi turda meksikaliklar bilan to‘qnash keladi (27 noyabr, 00:00). Hozircha C guruhida kutilmagan holat — Saudiya Arabistoni birinchi o‘rinda turibdi.