21 noyabr kuni Indoneziyaning Yava orolida bo‘lgan kuchli zilzila sabab 162 kishi halok bo‘ldi va yuzlab odamlar jarohatlandi — qutqaruvchilar vayronalar ostida qolganlarni qidirmoqda. 5,6 magnitudali zilzila epitsentri poytaxt Jakartadan 75 km (45 mil) janubi-sharqda joylashgan G‘arbiy Yava tog‘idagi Cianjur shahri yaqinida bo‘lgan. Mintaqada 2,5 mlndan ortiq aholi yashaydi.

Aljazeera nashrining yozishicha, halok bo‘lganlarning ko‘pchiligi davlat maktablari o‘quvchilari bo‘lgan. Zilzila bo‘lganda ular kunlik darslarini tugatib, bir qator islom maktablarida qo‘shimcha dars olayotgandi.

Zilzila oqibatida Cianjur shahridagi qulab tushgan maktab binosi. Foto: Reuters

G‘arbiy Yava gubernatori Ridvan Komil uylari katta zarar ko‘rgan 13 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilinganini, shuningdek, o‘zinining Instagram`dagi sahifasida yana 326 kishi jarohatlanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zilzila 2 200 dan ortiq uyga zarar yetkazgan.

BBC xabariga ko‘ra, Cianjur shahri ma’muriyati boshlig‘i Herman Suherman tez yordam mashinalari qishloqlardan kasalxonaga kelishda davom etayotgani, u yerda evakuatsiya qilinmagan oilalar ko‘pligini ayotgan.

Dushanbaga o‘tar kechasi Ridvan Komil Twitter`da hududga to‘liq quvvat berilishi uchun uch kungacha vaqt ketishi mumkinligi haqida yozdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, mobil telefonlarni qabul qilish darajasi pastligicha qolmoqda va amaldorlar uchun «ko‘p muammolarni» keltirib chiqarmoqda.

Voqeadan vafot etganlar soni yana ortishi mumkin, biroq yangi hisob-kitoblar hozircha mavjud emas. Cianjur shahri aholisi asosan bir-ikki qavatli binolarda va atrofdagi qishloq aholisi esa kichikroq uylarda istiqomad qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Cianjur hukumati vakili Herman Suherman zilziladan keyin shahardagi Sayang kasalxonasida elektr energiyasi yo‘qligi, shifokorlar jabrlanganlarni operatsiya qila olmaganini ta’kidlagan.

Taxminan 51 ta ta’lim muassasasi, jumladan 30 ta boshlang‘ich maktab va islom maktab-internati zarar ko‘rdi. O‘nlab binolar vayron bo‘ldi.

Shuningdek, zilzila Katta Jakarta hududida ham sezildi. Poytaxtdagi ko‘p qavatli uylar chayqaldi, ba’zilarida evakuatsiya ishlari olib borildi.

BMKG ob-havo va geofizika agentligi rahbari Dvikorita Karnavati odamlarga yerosti silkinishlari yuz berganda ochiq havoda qolishni maslahat berdi.

«Biz odamlarni hozircha binolardan tashqarida qolishga chaqiramiz, chunki potensial zilzilalar bo‘lishi mumkin», — dedi u.

Zilziladan keyingi ikki soat ichida 25 ta yer silkinishi qayd etilgan, BMKG`ning xabar berishicha, agar kuchli yomg‘ir kuzatilsa, ko‘chki xavfi ham borligini qo‘shimcha qildi.