21 noyabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Parijga yetib keldi. Bu haqda uning matbuot xizmati xabar berdi.

«Parij-Orli» aeroportida ikki mamlakat bayroqlari ko‘tarildi, faxriy qorovul saf tortdi. O‘zbekiston yetakchisini Fransiya madaniyat vaziri Rima Abdul-Malak va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.


Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 22 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Shavkat Mirziyoyev Fransiya parlamentining quyi palatasi — milliy yig‘in raisi Yael Braun-Pive bilan uchrashadi. Shuningdek, mamlakat prezidenti Emmanuel Makron bilan muzokara o‘tkazadi. Tashrif doirasida ta’lim, fan, madaniy meros, fuqaro aviatsiyasi, davlat xizmati va korrupsiyaga qarshi kurash sohalarida hamkorlikka oid 14 ta hujjat imzolanishi rejalashtirilgan.

Davlat rahbarlari Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutiga birgalikda tashrif buyurib, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar muzeylarining eng noyob eksponatlaridan iborat yirik ko‘rgazmalar bilan tanishadi.