Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi Kuzatuv kengashining 2022 yil 18 noyabrdagi qaroriga asosan “Turkistonbank” omonatchilarining mablag‘larini muddatidan avval qaytarilishi belgilandi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 21-noyabrdan boshlab “Turkistonbank” omonatchilari bo‘lgan jismoniy shaxslar omonatga joylashtirgan mablag‘lari yuzasidan agent-bank sifatida tanlangan “Qishloq qurilish bank"ga murojaat etishlari mumkin bo‘ladi.

“Omonatchilar qaytarib olinayotgan pul mablag‘larini o‘zlari xohlagan tarzda — naqd pul shaklida olishi, bank kartasiga ko‘chirishi yoki agent-bank bo‘lgan “Qishloq qurilish bank"ga omonatga qo‘yishi mumkin”, — deyiladi bank xabarida.

Fuqarolarning omonatlari bo‘yicha haq tegishli hujjatlarning asl nusxalari (pasport, omonat daftarchasi, omonat shartnomasi, notarius tomonidan tasdiqlagan ishonchnoma) ko‘rsatilgan taqdirda omonatchilarning qonuniy vakillariga yoki ularning huquqiy vorislariga ham to‘lab beriladi.

Ma’lumot uchun, Markaziy bankning 7 oktabrdagi tegishli qarorlari bilan “Turkiston” va Hi-tech bank’dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar chaqirib olingandi. Shuningdek, banklarni tugatish komissiyasi tarkibi tayinlangandi. Unda omonatchilarining barcha mablag‘lari 2 oydan so‘ng to‘liq qaytarilishi nazarda tutilgan.

4 noyabr kuni Markaziy bankka bir guruh fuqarolar tomonidan “Turkistonbank” XATB omonatiga joylashtirilgan pul mablag‘larini bank xodimlari subordinar qarz sifatida rasmiylashtirganligi va bugungi kunda bankka berilgan qarz mablag‘larining qaytarilishi kafolatlanmaganligi yuzasidan murojaatlari kelib tushgandi.

Regulyator mazkur murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini nazoratga olgani, ularda qayd etilgan masalalar bo‘yicha tegishli o‘rganish ishlari olib borilayotganini qayd etgandi.