Taekvondo WT bo‘yicha Meksikadagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi jami 4 ta medalga ega chiqdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

+73 kg vazn toifasida jang olib borgan Svetlana Osipova oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Svetlana Osipova. Foto: MOQ

-63 kg vaznlilar orasida Niyaz Pulatov kumush medal oldi. U Ozarbayjon, Misr, Eron, Xorvatiya va Ispaniya vakillarini mag‘lub etib, finalgacha yetib keldi. Biroq hal qiluvchi jangda xitoylik Liang Yushuaiga imkoniyatni boy berdi.

Chapda Niyaz Pulatov. Foto: MOQ

Bronza medaliga (-87 kg) Nikita Rafalovich va (-62 kg) Feruza Sodiqova sazovor bo‘ldi. Bu Nikita Rafalovichga jahon chempionatlaridagi uchinchi, Feruza Sodiqova uchun birinchi medal bo‘ldi. Bungacha Nikitaning hisobida ikkita kumush medali ham bor edi. Mazkur medal Rafalovich uchun yangi vazn toifasida dastlabkisi hisoblanadi. Bungacha ikki kumushni -74 kg vazn toifasida qo‘lga kiritgan. Ushbu muvaffaqiyat bilan har ikki sportchimiz Parij-2024 Olimpiadasi yo‘lida o‘z hisoblariga 50.40 reyting ochkosini qo‘shib qo‘yishmoqda.

Nikita Rafalovich 3-o‘rin sohibi. Foto: MOQ

Amir To‘rayev (-58 kg) hamda Zuhra Tojimatova (-46 kg) 1/32 finalda mag‘lubiyatga uchradi. Jahongir Xudoyberdiyev (-54 kg) 1/16 hamda Saodat Aliyeva (-73 kg) esa 1/32 final bosqichigacha yetib bordi. Olimpiada chempioni bo‘lgan Ulug‘bek Rashitov (-68 kg) hamda Zarnigor Husniddinova (-49 kg) ham sovrindorlar qatoridan joy ololmadi.