Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Tashrif dasturiga muvofiq Parij shahridagi Yelisey saroyida oliy darajadagi muzokaralar va Fransiya Milliy yig‘inida uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

«Ustuvor sohalarda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, davlat rahbari Fransiyaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazadi.

Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutiga tashrif buyurib, xalqimizning boy madaniy merosiga bag‘ishlangan «O‘zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida» va «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘’jizalari» ko‘rgazmalari bilan tanishish mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentining Parijga tashrifi arafasida 18 noyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Parijda bo‘lib o‘tgan biznes-forumda faqat fransuz kompaniyalari uchun alohida sanoat zonasini ajratish, ularga imtiyozlar berish va mahsulotlarni xarid qilishni kafolatlashga tayyorligini ma’lum qilgandi. Shu bilan birga u O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosat tamoyillari, qulay sarmoyaviy muhiti, tabiiy resurslarning ko‘pligi, «imtiyozli paketlar» va boshqa afzalliklari tufayli fransuz sarmoyasi uchun maqbul manzilga aylanishi mumkin degan edi.