Prezidentning «To‘maris» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga muvofiq, O‘zbekiston mudofaa qudratini yuksaltirish, jamiyatda hukm surayotgan millatlararo totuvlikni, tinchlik va barqarorlikni asrashga munosib hissa qo‘shayotgan ayol harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash maksadida «To‘maris» ko‘krak nishoni ta’sis etildi.

Ko‘krak nishoni vazirlik va idoralar rahbarlari (yoki ularning topshirig‘iga muvofiq, boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida tantanali ravishda topshiriladi.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq milliy kinematografiya sohasini rivojlantirish, badiiy va g‘oyaviy jihatdan yetuk filmlar yaratish, milliy filmlarni keng targ‘ib qilishga munosib hissa qo‘shgan shaxslar uchun «Kinematografiya fidokori», ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, tabiatni asrashda salmoqli natijalarni qo‘lga kiritganlar uchun «Tabiat himoyachisi», mahallada sog‘lom turmush tarzini tunu kun targ‘ib qilgan, bu borada shaxsiy namuna bo‘lgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun «Xalq salomatligi posboni» ko‘krak nishonlari va «O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi» esdalik nishoni ta’sis etilgandi.