Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari kredit pul mablag‘larining talon-toroj qilingani bilan bog‘liq bir qator holatlarni aniqladi. Bu haqda departament matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Qoraqalpog‘istonda «B.S.» korxona mansabdor shaxslari hududiy tijorat banki filialidan chorvachilikni rivojlantirish uchun ajratilgan kredit mablag‘larining 3,3 mlrd so‘mini boshqa maqsadlarda sarflab, talon-toroj qilgani aniqlandi.

Shu kabi holat Xorazm viloyati Hazorasp tumanida ham aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, «Sh.A.» va «H.M.» jamiyat mas’ul shaxslari va boshqalar parranda va ozuqa yemi sotib olish uchun «Sh.A.» korxonasiga ajratilgan 2 mlrd so‘m kreditni «H.M.» ga o‘tkazish orqali naqdlashtirib olgan.

Shuningdek, Namanganning Pop tumanida «S.S.» MCHJ rahbari va ish yurituvchisi hududiy tijorat banki filialidan korxonaga ayollar go‘zallik saloni va fitnes sport to‘garagini tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli kredit evaziga xarid qilingan sport anjomlari va jihozlarini sotib yuborib, jami 1,2 mlrd so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirgan, deyiladi departament xabarida.

Departamentning G‘uzor tuman (Qashqadaryo) bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro R.K. yaqin qarindoshi nomidan «N.S.» dehqon xo‘jaligini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, chorvachilik bilan shug‘ullanish maqsadida ajratilgan 700 mln imtiyozli kredit mablag‘ini boshqa maqsadlarda sarflab yuborgani ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.