O‘zbekiston prezidenti Fransiyaga keldi

Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga rasmiy tashrif bilan keldi. U Emmanuel Makron bilan uchrashib, Luvr va Arab dunyosi institutida O‘zbekistonning qadimiy madaniyati ko‘rgazmalarining ochilishida ishtirok etadi. Tashrif doirasida 14 ta hujjat imzolanishi rejalashtirilgan.

Onkologiya markazi, uning poytaxt va Toshkent viloyati filiallari bir kompleksga birlashadi

Toshkentning Shifokorlar ko‘chasida Onkologiya markazining yangi birlashgan kompleksi barpo etilmoqda. Unda Onkologiya markazi, uning Toshkent shahar va Toshkent viloyati filiali joylashtiriladi. Bo‘shagan 3 ta bino sotuvga qo‘yildi.

«Ayollar daftari»ga kiritilgan boshpanasizlarga ijtimoiy uy beriladi

Poytaxtning Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Chilonzor, Yakkasaroy va Yashnobod tuman hokimliklari qoshidagi «Ayollar daftari» jamg‘armasi hisobidan 29 ta xonadon sotib olindi. Xonadonlar boshpanasiz, og‘ir turmush sharoitidagi xotin-qizlarga ijtimoiy uy sifatida beriladi.

Samarqandda o‘zi va uch bolasini suvga tashlagan ayol qamoqqa olindi

Samarqand tumanida qaynonasi bilan kelisholmay, o‘zi va 3 bolasini «Darg‘om» kanaliga tashlagan 26 yosh ayolning farzandi murdasi oradan 10 kun o‘tib kanal qirg‘og‘idan topildi. Ayol va uning ikki bolasi voqea vaqtida suvdan chiqarib olingan edi. Hozirda onaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olingan.

Hafta davomida harorat odatdagidan yuqori bo‘lishi kutilmoqda

Seshanba kunidan boshlab ish haftasining oxirigacha O‘zbekistonga Eron hududlaridan quruq va iliq havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda. Harorat +15…+20 daraja atrofida bo‘lib, ba’zi joylarda esa +23 darajagacha ko‘tariladi. Respublika bo‘ylab ayrim hududlarda tuman tushishi mumkin.

Toqayev rasman prezident saylovi g‘olibi deb e’lon qilindi. O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Toqayevni «ishonchli g‘alaba» bilan tabrikladi

Ekzit-poll natijalariga ko‘ra, 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezident saylovida Qosim-Jomart Toqayev g‘alaba qozondi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev telefon orqali muloqot chog‘ida uni saylovdagi «ishonchli g‘alaba» bilan tabrikladi.

Surxondaryoda aholi yo‘lni to‘sib qo‘ydi

Surxondaryoning Jarqo‘rg‘on tumanida mahalliy aholi ta’mirtalab ko‘chaga mutasaddilarning e’tiborini qaratish maqsadida yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Viloyat hokimligi yo‘lni 2023 yil boshida ta’mirlashni va’da qilmoqda.

Harbiy ayollar uchun «To‘maris» ko‘krak nishoni ta’sis etildi

Prezident qarori bilan «To‘maris» ko‘krak nishoni ta’sis etildi. U mudofaa va jamiyatda tinchlik hamda barqarorlikni asrashga hissa qo‘shayotgan ayol harbiy xizmatchilarga beriladi.

«Turkistonbank» omonatchilarining mablag‘lari muddatidan avval qaytariladi

Fuqarolarning banklardagi omonatlarini kafolatlash fondi Kuzatuv kengashining qaroriga ko‘ra, 21 noyabrdan «Turkiston bank» omonatchilari o‘z mablag‘larini qaytarib olish va omonatga qo‘yish yuzasidan agent-bank sifatida tanlangan «Qishloq qurilish bank»ga murojaat etishlari mumkin bo‘ladi.

Taekvondo WT bo‘yicha Meksikadagi jahon chempionatida o‘zbekistonliklar 4 ta medal oldi

Taekvondo WT bo‘yicha Meksikadagi jahon chempionatini O‘zbekiston terma jamoasi 4 ta medal: 1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza bilan yakunladi. Unda jami 16 nafar o‘zbekistonlik sportchi qatnashdi.

Toshkentda 5 ballik magnit bo‘roni kuzatilmoqda

21 noyabr kuni Toshkentda 5 ballik magnit bo‘ronlari kuzatilmoqda. Bo‘ron ta’siri soat 11:00 ga borib 4 ballga, 17:00 ga borib esa 3 ballgacha pasayadi.

Bir qator notarial xizmatlar uchun davlat boji kamaytiriladi

Senatorlar tomonidan «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, mol-mulkni ijaraga berish, qarz shartnomalarini tasdiqlash, avtomobilni boshqarish uchun ishonchnoma olishda to‘lanadigan davlat boji miqdori kamaytiriladi.

Futbol bo‘yicha jahon chempionati tafsilotlari:

Jahon chempionatida mezbon mamlakat ilk bor ochilish o‘yinida mag‘lubiyatga uchradi. Ochilish marosimidan lavhalar

20 noyabr kechasi JCH-2022'ning ilk uchrashuvida mezbon Qatar terma jamoasi Ekvador bilan uchrashdi va JCH tarixida ilk bor mezbon mamlakat ilk uchrashuvda mag‘lubiyatga uchradi.

JCH-2022: Angliya — Eron uchrashuvida sakkizta gol kiritildi

Dohada JCH-2022 B guruhidagi ilk uchrashuv 6:2 hisobida yakunlandi. O‘yinga hakam jami 24 daqiqa (14+10) qo‘shib berdi. Angliya terma jamoasi Eronni yirik hisobda mag‘lub etib, hozircha guruhda peshqadamga aylandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

Abdulla Qodiriy bog‘i «uzog‘i bilan Navro‘zgacha» foydalanishga topshiriladi

Martda rekonstruksiya uchun 3 oyga yopilgan Toshkentdagi Abdulla Qodiriy bog‘i hanuz ochilmadi. Hozirgacha park ta’miri uchun 5 mlrd so‘m sarflandi, 7 noyabr kuni esa poytaxt deputatlari yana 35 mlrd so‘m ajratdi. «Gazeta.uz» mehmonxonalar qurshovida qolayotgan parkdan reportaj tayyorladi.

AQSh elchisi — O‘zbekistonning xorijiy investorlar uchun ijobiy va salbiy tomonlari haqida

AQSh elchisi Jonatan Xenik O‘zbekistondagi xorijiy investorlar uchun to‘siqlar va imkoniyatlarni sanab o‘tdi. «Ochig‘ini aytaman, qonun ustuvorligi, intellektual mulkni himoya qilish va korrupsiya bilan bog‘liq muammolar hali ham mavjud, biroq plyuslar orasida o‘qimishli mutaxassislar va katta bozor bor», — dedi u.

O‘zbekiston fransuz sarmoyadorlari uchun nimasi bilan jozibador? Jamshid Xodjayev javob berdi

O‘zbekiston o‘zining tashqi siyosat tamoyillari, qulay sarmoyaviy muhiti, tabiiy resurslarning ko‘pligi, «imtiyozli paketlar» va boshqa afzalliklari tufayli fransuz sarmoyasi uchun maqbul manzilga aylanishi mumkin, dedi bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Parijda bo‘lib o‘tgan biznes-forumda.