O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev telefon orqali muloqotda Qosim-Jomart Toqayevni Qozog‘iston prezidentligi uchun o‘tkazilgan navbatdan tashqari saylovdagi ishonchli g‘alabasi bilan tabrikladi. Bu haqda Oq O‘rda matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Prezidentlar muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Qozog‘iston strategik sherikligi va ittifoqchiligining joriy holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi. Shuningdek, bo‘lajak uchrashuvlar jadvali ko‘rib chiqildi”, — deyiladi rasmiy axborotda.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, “savdo, sanoat, energetika, transport va logistika, qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarda va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida amaliy hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etilgan. Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan”.

Oq O‘rdaning qo‘shimcha qilishicha, Toqayevni prezident saylovidagi g‘alaba bilan birinchi bo‘lib Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tabriklagan, shuningdek, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham Toqayevni saylovdagi g‘alaba bilan qutlagan.

Ekzit-poll natijalariga ko‘ra, Qozog‘iston prezidentligi uchun 20 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezident saylovida amaldagi davlat rahbari Qosim-Jomart Toqayev saylovchilarning 80 foizdan ko‘proq ovozini olgan. Toqayevning saylovdagi asosiy raqiblari uni g‘alaba bilan tabrikladi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan dastlabki rasmiy natijalar Toshkent vaqti bilan 10:00 da e’lon qilinadi.

Qayd etish joiz, mamlakat konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, Toqayev bir martalik yetti yillik muddatga saylandi.