Toshkentning Yashnobod tumanidagi «Iltifot» mahallasida qimmatbaho bo‘lgan daraxtlarning noqonuniy ravishda tag qismidan kesib tashlanishi oqibatida o‘simlik dunyosiga 3,51 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani xabar qilingandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning ma’lum qilishicha, daraxt kesganlardan 3 mlrd 514 mln 200 ming so‘m mablag‘ undirildi.

Toshkent shahar prokuraturasi tashabbusi bilan Yashnobod tumani Iltifot ko‘chasi 29-uy manzilida 105 tup daraxtni noqonuniy kesib tashlagan Yangi Zamon Bino kompaniyasidan yetkazilgan zarar hamda moliyaviy jarima sifatida hisoblangan jami 3 514 200 so‘m miqdoridagi mablag‘ naqd pul shaklida undirildi.

Prokuratura talabi bilan daraxtlar kesib tashlangan ushbu qurilish maydoni o‘rnida MCHJ tomonidan 200 tup noyob va qimmatbaho manzarali daraxtlar ektirilmoqda.

Foto: Rasul Kusherbayev

Ma’lumot o‘rnida, holat yuzasidan prokuratura tomonidan MCHJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi hamda boshqa, jumladan ekologiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatgani bo‘yicha Jinoyat kodeksining 219-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

«Qonunbuzar tadbirkordan qurilish uchun ajratilgan yer maydonini davlat zaxirasi qaytarish choralari ham ko‘rilmoqda», — deb yozadi deputat.

Avvalroq deputat Rasul Kusherbayev Toshkentda biznesmenlar uchun ajratilgan va devor-to‘siqlar bilan o‘rab olingan hududlarda 5 mingga yaqin daraxt yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgani haqida ma’lum qilgan edi. Uning fikricha, yer ajratish haqidagi qarorlarni chiqartirish «shunchaki bo‘lmaydi». U hokimlarning bunday qarorlarining barchasini bekor qilish kerakligini, chunki daraxtlarni kesishga qarshi moratoriyga baribir amal qilinmayotganini ta’kidlagan edi.