O‘zbekiston faqat Fransiya kompaniyalari uchun barcha zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlangan alohida sanoat zonasini ajratishga tayyor. Bu haqda 18 noyabr kuni Parijda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Fransiya biznes-forumida bosh vazir o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev ma’lum qildi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Bu imkoniyatlar bilan bir qatorda, biz fransuz hamkorlarimiz sarmoya kiritayotgan sohalarga qarab [mahsulotlarni] xarid qilish, har qanday imtiyozlar kabi ancha qulay shart-sharoitlarni taqdim etishga tayyormiz. Fransiyalik hamkorlarimizning ilmiy ishlanmalar, innovatsiyalar va texnologiyalarning O‘zbekiston infratuzilmasi va kadrlar salohiyati bilan uyg‘unligi kelajakdagi qo‘shma loyihalarning barqaror rivojlanishini ta’minlashiga ishonamiz», — dedi u.

Bosh vazir o‘rinbosari hamkorlikda ko‘rib chiqish mumkin bo‘lgan eng istiqbolli yo‘nalishlarni sanab o‘tdi.

Birinchidan, yashil energetika. O‘zbekistonda iqlim sharoiti tufayli qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish uchun katta imkoniyatlar mavjud.

Qabul qilingan strategiyaga muvofiq, O‘zbekistonda 2026 yilgacha muqobil manbalardan olinadigan energiyaning umumiy ishlab chiqarishdagi ulushini 25 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda.

«Shuningdek, ilmiy-texnik salohiyatni rivojlantirish, amaliy tadqiqotlar uchun shart-sharoit yaratish, qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash niyatidamiz. Biz yashil loyihalarga xorijiy sarmoyalarni yanada ko‘proq jalb qilishdan manfaatdormiz va fransuz hamkorlarimiz ushbu loyihalarda ishtirok etishini mamnuniyat bilan qabul qilamiz», — dedi vazir.

Ikkinchi yo‘nalish — bank-moliya sektori. O‘zbekiston bu boradagi islohotlarni chuqurlashtirish, jumladan, sog‘lom raqobatni shakllantirish, xorijiy banklarni faol jalb etish, davlat banklari ulushini bir necha bor qisqartirish, samarali fond bozorini yaratish niyatida.

«Shu nuqtai nazardan, qo‘shma sarmoyaviy loyihalarni ko‘paytirishda bozorimizda Fransiya banklarining mavjudligi muhim ahamiyatga ega. Biz Fransiyaning yetakchi banklarini, jumladan Societe Generale, Crédit Agricole va boshqa ko‘plab banklarni O‘zbekiston bank sektorini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishga taklif qilamiz», — dedi Jamshid Xodjayev.

Uchinchi yo‘nalish — avtomobilsozlik va butlovchi qismlar ishlab chiqarish. O‘zbekiston Markaziy Osiyoda to‘liq ishlab chiqarish sikli va mahalliylashtirish darajasi 60 foizdan ortiq bo‘lgan yagona avtomobil ishlab chiqaruvchisidir. Bugungi kunda avtomobil ishlab chiqarishning umumiy hajmi yiliga 300 ming avtomobildan oshadi.

So‘nggi yillarda yuzlab turli avtokomponentlarni mahalliylashtirish bo‘yicha korxonalar tashkil etildi. Shu bilan birga, mamlakat yiliga 2 mlrd dollardan ortiq butlovchi qismlarni import qilishda davom etmoqda. «Biz yiliga 500 mingtagacha avtomobil ishlab chiqarishni maqsad qilganmiz. Bu yo‘nalishda biz fransuz hamkorlarimiz bilan hamkorlikning katta istiqbollarini ham ko‘rib turibmiz», — dedi u.

To‘rtinchi yo‘nalish — farmatsevtika sanoati. Markaziy Osiyoda farmatsevtika bozorining sig‘imi 6 mlrd dollar, jumladan, O‘zbekistonda 2 mlrd dollar.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston mintaqada dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi hisoblanadi. Mamlakat ichki bozor ehtiyojlarining 50 foizini qoplaydi. Mahalliy farmatsevtika korxonalari qo‘shni davlatlarda ham faoliyat yuritmoqda.

O‘zbekistonda farmatsevtika mahsulotlarini eksport qilish hajmi so‘nggi 5 yilda qariyb 5 barobarga oshdi. 30 ga yaqin original dori vositalari ishlab chiqilgan.

«Fransiyaning bu boradagi katta tajribasi va imkoniyatlarini inobatga olib, fransuz do‘stlarimizni birgalikda onkologik, antibakterial, kardioprotektiv va boshqa hayotiy zarur dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etishga taklif qilamiz», — dedi Jamshid Xodjayev.

Beshinchi yo‘nalish — oziq-ovqat sanoati. O‘zbekiston meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Mamlakatda yiliga 22 mln tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtirilib, ularni qayta ishlash ulushi atigi 15 foizni tashkil etadi.

«Biz vinochilik, chorvachilik, bog‘dorchilik va urug‘chilik, shuningdek, klaster usulidan foydalangan holda organik dehqonchilikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun agrosanoat kompleksimizni rivojlantirishga fransuz texnologiyalari, bilim va tajribasini jalb etish niyatidamiz», — deya ta’kidladi vazir.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 21−22 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Parijda bo‘ladi.