Toshkent aeroportining bojxonasi 16 noyabr kuni Misrdan uchib kelgan ayolning 1 bosh Nil timsohi bolasi, 3 bosh iguana va 3 bosh (to‘rsimon, yo‘lbars va xondra zotiga mansub) piton bolalarini noqonuniy olib o‘tishga urinishini fosh etdi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.


Ayol bagajdagi mahsulotlarni deklaratsiyalashni talab qilmaydigan «yashil» yo‘lakdan o‘tayotganida bezovtalangan va shubhali xatti-harakatlar qilgan. Bu holat bojxonachilar e’tiborini tortgan.


Bagajni rentgen va endoskop orqali ko‘rish vaqtida ayolning yuklari orasidan ichiga ekzotik jonivorlar yashirib qo‘yilgan ikkita shirinlik qutisi aniqlangan.


Shundan so‘ng aeroportga Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Toshkent hayvonot bog‘i vakillari taklif qilingan. Qutilar ular kelganidan keyingina ochilgan.


Jonivorlarni olib o‘tishga uringanlikda gumon qilinayotgan ayol bu ishni birovning iltimosiga binoan ma’lum bir haq evaziga qilganini ta’kidlagan.

Jonivorlar zudlik bilan Toshkent hayvonot bog‘iga keltirilgan va ko‘rikdan o‘tkazilgan. Ko‘rikda issiq iqlim sharoitlariga moslashgan jonivorlar samolyotning harorat past darajada bo‘ladigan yukxonasida va o‘ta zich joylashgan qutilar ichida keltirilgani bois ahvoli qoniqarsizligi ma’lum bo‘lgan. Ilon va iguanalardan ayrimlarining tanalarida zamburug‘lar aniqlangan.

Jonivorlar hozirda karantinda, mutaxassislarning doimiy nazorati va parvarishi ostida saqlanmoqda.


O‘zbekistonga yovvoyi hayvonlarni faqat Davlat ekologiya qo‘mitasi organlarining ruxsati bilan olib kirish mumkin. Noqonuniy olib o‘tish holatlari aniqlanganida, jonivorlar olib qo‘yiladi.

DBQdan qo‘shimcha qilishlaricha, hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, olib qo‘yilgan reptiliyalarning umumiy bahosi 77 mln so‘mdan oshmoqda.


Avvalroq Qohiradan kelgan o‘zbekistonlik talabalar meva-sabzavot solingan konteynerlarda 57 ta timsoh va 10 ta buqalamunni «birovning iltimosi»ga ko‘ra olib o‘tmoqchi bo‘lgan vaqti Toshkent aeroportida ushlangandi. Keyinchalik ushbu jonivorlardan 1 bosh timsohcha va 6 bosh buqalamun nobud bo‘lgandi.