Toshkentning Sergeli tumanidagi qurilish maydonida ko‘tarma kran quladi (ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoxabarlarda voqea Yangihayot tumanida sodir bo‘lgani ta’kidlangan edi). Hodisa 19 noyabr, shanba kuni soat 11:20 larda yuz bergan, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) matbuot xizmati.

Voqea Sergelining Choshtepa ko‘chasida qurilayotgan ko‘p qavatli uy maydonchasida yuz bergan. Avariya joyiga tuman FV bo‘limi rahbar xodimlari va tegishli tashkilotlar mas’ullari yetib borgan.

Foto: Sergeli tumani hokimligi

Hozirda vaziyat tafsilotlari o‘rganilmoqda. FVVning alohida qayd etishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q.

2021 yili yanvarida Navoiy viloyatida minorali kran qulashi oqibatida bir bishi jarohatlangan edi. Shu kabi hodisa o‘sha yil oktabrida Samarqandda ham yuz bergan, unda kran yuk og‘irligini ko‘tara olmay, ag‘darilgandi.

Sergeli tumani hokimligi: «Kranda odam bo‘lmagan»

Foto: Sergeli tumani hokimligi

Sergeli tuman hokimligi voqea joyiga borib, vaziyat bilan tanishgan. Ma’lum qilinishicha, voqea tumandagi Omega Agro Stroy kompaniyasi tomonidan ko‘p qavatli uylar qurilayotgan joyda yuz bergan.

Hokimlik matbuot xizmati obyektning qurilish bo‘yicha ish boshqaruvchisi I.Noraliyev bergan ma’lumotga tayanib xabar berishicha, 19 noyabr kuni ertalab yog‘ingarchilik natijasida yer yumshashi tufayli kranning yerga cho‘kish holati aniqlangan. Bunday holatning xavfli bo‘lgani bois kranni demontaj qilishga qaror qilingan.

Soat 9:00 larda texnik xizmat ko‘rsatish firmasi tomonidan kranni demontaj qilish ishlari boshlangan va demontaj vaqti kran o‘zi yerga cho‘kishi oqibatida qulagan.

Hokimlik matbuot xizmati qulagan vaqti kranda odam bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etgan.

«Tuman hokimligi matbuot xizmati bir kun oldin shu kranni boshqargan 1995-yilda tug‘ilgan I.Madiyev bilan yuzma-yuz suhbatda bo‘ldi. Kran boshqaruvchisining so‘zlariga ko‘ra, u haqiqatdan ham bir kun oldin kranni boshqargan. Ammo 19 noyabr kuni ertalabki demontaj ishlari tufayli kranga chiqmagan va umuman boshqarmagan», — deyiladi hokimlik axborotida.

Foto: Sergeli tumani hokimligi

Ish boshqaruvchi I.Noraliyevning so‘zlariga ko‘ra, hozirda hududning 90 foizi xavfsiz, yog‘ingarchilikdan so‘ng ishchilar o‘z ishini davom ettiradi, yiqilgan kran esa utilizatsiya qilinadi.

Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, vaziyat FVV, ichki ishlar xodimlari va Sergeli tuman hokimligining mas’ullari tomonidan to‘liq nazoratga olingan.