O‘zbekiston Senatining 19 noyabr kuni majlisida Oliy sud raisi o‘rinbosari saylandi va Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi, deya xabar bermoqda parlament yuqori palatasi axborot xizmati.

Xabar berishlanicha, Shuxrat Tagaymuratovich Polvanov sudyalik lavozimida bo‘lishning navbatdagi 10 yillik muddatiga, Oliy sud raisining o‘rinbosari — iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati raisi lavozimiga besh yil muddatga saylangan.

Shuxrat Polvanov bungacha Oliy Majlis Qonunchilik paltasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari edi.

Senat qabul qilgan qarorga muvofiq, Gulnora Anvarovna Mirzayeva, Abdikamal Abdimalikovich Abdikarimov va Askar Tanirbergenovich Bekmanov Oliy sudning sudyasi lavozimiga 10 yillik muddatga saylandi.

Foto: Senat axborot xizmati

Shuningdek, M.A.Nazarov, J.I.Gaybullayev, B.A.Naimov, A.K.To‘xtashev Oliy sudning sudyasi lavozimidan ozod etildi.

Ma’lumot o‘rnida, 2017 yildan beri Oliy sudga raislik qilgan, 13 iyulda lavozimga qayta tayinlangan Kozimjon Komilov 10 avgust kuni iste’foga chiqarilgandi. Uning o‘rniga prezident maslahatchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Baxtiyor Islomov rais etib saylangandi.