Prezident 18 noyabr kuni «Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [PQ-427-sonli] qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Endi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida Bolalar sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi hamda Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashkil etiladi.

Kasaba uyushmalari a’zolarining farzandlari dam olishi va ularni sog‘lomlashtirish xarajatlarining bir qismini jamg‘arma qoplab beradi. Bunda har bir yo‘llanma uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning 2 baravari (19 noyabr holatiga — 600 ming so‘m), biroq yo‘llanma narxining 50 foizidan oshmagan miqdorda oromgohlarga kompensatsiya to‘lanadi.

Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan mahalliy budjetlar daromadlarining prognozdan oshirib bajarilgan qismining 10 foizi har chorakda jamg‘armaga yo‘naltiriladi.

Davlat organlari va tashkilotlari o‘z xodimlarining farzandlari uchun sotib olingan oromgohlar yo‘llanmalari narxining 50 foizigacha, ammo har bir yo‘llanma uchun BHMning 1 baravari (300 ming so‘m)dan oshmagan qismi ish beruvchilar tomonidan kompensatsiya qilib berilishi mumkin.

Qarorda Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi ham tashkil etilishi belgilangan.