O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligiga bag‘ishlangan «Global darvoza» anjumanida O‘zbekiston YeI bilan hamkorlikda rivojlantirishga tayyor bo‘lgan yo‘nalishlarni sanab o‘tdi, deb xabar qilmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Bugun dunyo global miqyosda chuqur ishonch inqirozi va xavfsizlik muammolari kuchayib borayotganini ta’kidlab, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi do‘stona aloqalar Yevroosiyodagi siyosiy va iqtisodiy vaziyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.

Vladimir Norov Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi savdo aloqalarini chuqurlashtirish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish muhimligini ta’kidladi.

Masalan, GSP+ sxemasi benefitsiari maqomi o‘zbek eksportyorlariga Yevropa bozoriga 6200 nomdagi tovarlarni bojsiz yetkazib berish imkonini beradi. Joriy yil boshidan buyon O‘zbekiston eksporti qariyb ikki barobar, savdo aylanmasi esa 15 foizga (3 mlrd yevrodan ortiq) o‘sdi.

Shu bilan birga, dengiz portlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyati bo‘lmagan Markaziy Osiyo davlatlari eksport qiymatining 60−70 foizini tashkil etuvchi katta tranzit va transport xarajatlarini o‘z zimmalariga oladilar. Bojxona tartib-qoidalarining nomukammalligi tufayli esa tashuvchilar o‘z vaqtining 40 foizini tashishga sarflaydi.

«Bizning Yevropaga tashish narxi har bir konteyner uchun 3500 dollardan 10 ming dollargacha, yuk tashish vaqti esa 20 kundan 35 kungacha oshdi», — dedi Vladimir Norov. U bu holat nima bilan bog‘liq ekaniga aniqlik kiritmadi.

Shu munosabat bilan TIV rahbari YeIning Trans-Yevropa transport tarmog‘ini (TEN-T) Markaziy Osiyoga strategik yo‘lak bilan bog‘lash hamda Yevroosiyoning Sharq-G‘arb va Shimol-Janub yo‘nalishlarida aloqadorligini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini olqishladi.

«Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik jihatdan yirik loyihani ilgari surishda Yevropa tomonining yordamiga umid qilamiz», — dedi Vladimir Norov.

Shuningdek, u qurilayotgan O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘lining Transkaspiy multimodal yo‘nalishi bilan bog‘lanishi Yevropa va Osiyo o‘rtasida yagona transport tarmog‘ini yaratishini qo‘shimcha qildi.

TIV rahbari, shuningdek, bojxona tartib-qoidalarini uyg‘unlashtirish, tariflar orqali qabul qilish va Transkaspiy yo‘nalishida yagona raqamli tarmoq yaratish bo‘yicha YeI-MO formatida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi.

«Yevropa kompaniyalarining fuqaro aviatsiyasi infratuzilmasini rivojlantirishga kiritayotgan sarmoyalarini qo‘llab-quvvatlagan holda, biz Osiyoga yuk va yo‘lovchilar tranziti uchun markazlarimizni taqdim etishga tayyormiz», — dedi Vladimir Norov.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Global Gateway strategiyasi doirasida Yevropa va Osiyo mintaqalarida transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategik dasturni birgalikda ishlab chiqishni taklif qilmoqda.

Vladimir Norov, shuningdek, O‘zbekiston mintaqa davlatlari ko‘magida raqamli tarmoqlar, jumladan, suv osti va suv usti optik tolali kabellar, himoyalangan kosmik aloqa tizimlari va bulutli ma’lumotlar infratuzilmalarini joylashtirish bo‘yicha yevropalik sheriklar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

«Ishonchim komilki, Yevropa Ittifoqi tomonidan Bolgariya va Gruziya o‘rtasidagi „Qora dengiz optik tolali kabel tizimi“ keng polosali aloqa liniyasini yotqizish bo‘yicha loyiha Markaziy Osiyoga bu boradagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi», — dedi TIV rahbari.

Shuningdek, u Yevropa Ittifoqining «Raqamli Yevropa» dasturi doirasida ma’lumotlar infratuzilmasi: ma’lumotlar markazlari va internet-trafik almashish punktlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma investitsiya dasturlarini ishlab chiqish taklifini bildirdi.

Bundan tashqari, Vladimir Norov «yashil» iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlarni qabul qilishga chaqirdi.

U O‘zbekiston BMTning Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondiga qo‘shgan hissasi (5,2 mln yevro) uchun Yevropa Ittifoqidan minnatdor ekanligini va o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

«Biz Yevropa Ittifoqi va qo‘shni davlatlar vakillarini 2023 yilda Nukusda BMT shafeligida bo‘lib o‘tadigan Orol dengizi bo‘yicha birinchi xalqaro forumda ishtirok etishga taklif qilamiz», — dedi TIV rahbari.

Vladimir Norov o‘z nutqi yakunida O‘zbekiston 2023 yil fevral oyida Rimda bo‘lib o‘tadigan atrof-muhit va suv bo‘yicha «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» konferensiyasi yakunlari bo‘yicha harakatlar rejasini qabul qilishni muhim deb bilishini ta’kidladi.

«Biz Yevropa Ittifoqining O‘zbekistonda raqamli transformatsiya, inklyuziv yashil o‘sish va yashil qishloq xo‘jaligi sektori uchun 2021−2024 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy va texnik yordami (83 mln yevro) uchun minnatdormiz», — dedi TIV rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston va uning qo‘shnilari 2025−2027 yillarga mo‘ljallangan ushbu dastur doirasida mintaqada loyihalarni amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar hajmini oshirishga umid qilmoqda.