Prokuratura organlari tomonidan sport sohasiga oxirgi 3 yilda (2019 — 2021 yillar) ajratilgan budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi o‘rganilganda, uning turli yo‘llar bilan talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Aniqlanishicha, 464 ta sport muassasalarida jami 27 mlrd so‘m zarar aniqlanib, uning 10 mlrd so‘mi undirildi.

Jumladan, hududiy sport muassasalari tomonidan 20 ta holatda 8 mlrd so‘mlik mablag‘lar ish haqi va boshqa to‘lovlar sifatida o‘zlashtirib olingan.

«Misol uchun, Farg‘ona olimpiya zaxiralari kolleji bosh hisobchisi jami 4,3 mlrd so‘m mablag‘ni o‘ziga ish haqi sifatida olib, talon-taroj qilgan», deyiladi xabarda.

Shuningdek, sport muassasalarini qurish — ta’mirlash ishlarida 25 ta holatda 10 mlrd so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgani aytilmoqda.

Keltirilishicha, sport — ta’lim muassasalarini joriy ta’mirlash uchun o‘tkazilgan tanlovlarda 72 ta korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘yilgan. Xususan, Buxoro olimpiya zaxiralari kollejini joriy ta’mirlash uchun tanlovda ta’sischisi B.Q. bo‘lgan 4 ta korxona qatnashib, ularning bittasi g‘olib deb topilgan.

Yana bir holatda sport jihozlari 8 ta holatda 4,2 mlrd so‘mga qimmat narxlarda sotib olinib, mablag‘lari talon — toroj qilingangani aniqlandi.

«O‘tkazilmagan o‘quv mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazilganligi haqida 10 ta holatda hujjatlar soxtalashtirilib, 4,3 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan», — deb yozadi Bosh prokuratura.

Qonun buzilishi holatlari yuzasidan 1 150 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi, 431 nafar shaxsning buzilgan huquqi tiklandi hamda 66 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.