Mo‘ynoqdagi XII-XIV asrlarga tegishli madaniy meros obyekti aniqlandi, deya xabar qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani «Do‘stlik» ovul fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan Hokim ota Sulaymon Boqirg‘oniy ziyoratgohi hududida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti «Arxeologiya» kafedrasining olimlari va talabalari tomonidan o‘tkazilgan arxeologik ekspeditsiya davomida XII-XIV asrlarga tegishli madaniy meros obyekti aniqlandi.


Ekspeditsiya davomida topilgan devor g‘ishtlari va metall buyumlar, olimlar tomonidan Xorazmshohlar va Oltin O‘rda davriga xosligi, ya’ni Sulaymon Boqirg‘oniy yashagan davr va undan keyingi davrlarga to‘g‘ri kelishi taxmin qilinmoqda.


«Maqbarada olib borilgan arxeologik qazish ishlari natijasida ochilgan obyektning hozirgi holatini konservasiya qilmasdan tabiiy va jismoniy ta’sirlardan muhofaza qilish, ziyoratchilar va turistlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, kelajak avlodga yodgorlikni butun holida yetkazish maqsadida Bosh prokuratura tashabbusi va mablag‘i hisobidan obyektda yengil konstruksiyali metall qoplama bostirma qurish ishlari boshlab yuborildi», — deyiladi xabarda.

Qurilish ishlari joriy yilning dekabr oyida yakunlanishi rejalashtirilgan.

sentabr oyida Mo‘ynoq tumanida Hokim ota Sulaymon Boqirg‘oniy tavalludining 900 yilligi keng nishonlangan edi.