Samarqanddagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm va madaniy meros universitetida taniqli fransuz haykaltaroshi, YUNESKOning madaniy diplomatiya bo‘yicha maxsus elchisi Hedva Ser ishtirokida «Tinchlik daraxti» monumenti ochildi, deya xabar bermoqda Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

Ochilish marosimida haykaltaroshning o‘zi Hedva Ser (asosiy suratda markazda), YUNESKO Bosh direktori o‘rinbosari Stefania Giannini, Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot Federal vazirligining parlamenti kotibi Niyels Annen va O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov qatnashdi.

Bu kabi «Tinchlik daraxti» monumenti Ozarbayjon, Qozog‘iston, Isroil, Germaniya, Fransiya, Andorra, Gretsiya, Malta, AQSh va yana 20 ga yaqin davlatda o‘rnatilgan.

Dunyoda uchta yetakchi din — yahudiylik, islom va nasroniylik timsollarini uyg‘unlashtiruvchi ushbu san’at asari bronzadan yasalgan bo‘lib, og‘irligi 750 kilogrammga teng.