O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 18 noyabr kungi majlisda mamlakatning energiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni muhokama qildi.

Majlisda bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2022 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturining bajarilishi yuzasidan hisobot bergan.

Senator Mahmud Parpiyev Davlat dasturining energetika sohasida sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, barcha ishtirokchilarga teng imkoniyatlar yerish va narxlarni shakllantirishning shaffof mexanizmlarini joriy qilish to‘g‘risidagi 74-bandi o‘z vaqtida bajarilmaganini ko‘rsatib o‘tdi.

Ushbu vazifalarning bajarilmagani, senatorning so‘zlariga ko‘ra, bugun gaz va elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarda, elektr energiyasining soatlab o‘chirilishida o‘z aksini topmoqda, oqibatda fuqarolar ham, iqtisodiyot ham jabr ko‘ryapti, shuningdek, gaz to‘ldirish shoxobchalarida katta navbatlar yuzaga kelmoqda. Senatorning qo‘shimcha qilishicha, to‘qqiz oy davomida O‘zbekistonda minglab ish o‘rinlari tashkil etilgan, ammo elektr ta’minotining yetarli darajada emasligi tadbirkorlar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va ish o‘rinlarining qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu munosabat bilan Mahmud Parpiyev Energetika vazirligiga murojaat qilib, muammoni hal qilish uchun qanday choralar ko‘rilayotgani haqida so‘radi.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayevning ma’lum qilishicha, Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik ko‘magi bilan, 20 dan ortiq xorijiy ekspertlar va nufuzli konsalting kompaniyalari jalb qilingani holda, «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi va «Tabiiy gaz to‘g‘risida»gi qonunlarning yangi tahrirlari tayyorlangan.

Bundan tashqari, elektr energetikasi sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni loyihasi ishlab chiqilib, Prezident administratsiyasiga kiritilgan.

«Mazkur hujjatlarda ham elektr energetikasi, ham tabiiy gaz sohasida raqobatli bozorni shakllantirish, ushbu bozorga o‘tish bosqichlarini belgilash, narxlarni erkin shakllantirish va, eng asosiysi, xususiy investitsiyalarni yanada kengroq jalb etish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha barcha normalar belgilandi. Bugungi kunda ushbu hujjat loyihalari O‘zbekistonda amalga oshirilishi kutilayotgan ma’muriy islohotlar doirasida ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistondagi raqobatli bozorlarni yaratish va tartibga solish umumiy konsepsiyasi doirasida ham mana shu energetika bozorini yaratish va tartibga solish me’yorlari ko‘rib chiqilmoqda», — dedi u.

Energetika vaziri o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, davlat-xususiy sherikchilik asosida elektr stansiyalari qurish bo‘yicha oltita loyiha amalga oshirilgan. Yaqin uch kun ichida Sirdaryo viloyatida quvvati 220 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasining ishga tushishi kutilmoqda.

Sherzod Xodjayevning qayd etishicha, 2022 yilda 75 mingdan ortiq yangi tadbirkorlik subyektlari elektr tarmoqlariga ulangan. Shuni hisobga olgan holda, xususan, «Obod mahalla» va «Obod qishloq» dasturlari doirasida, shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalarda elektr uzatish tarmoqlari yangilangan va modernizatsiya qilingan.

«Yaqinda maxsus guruhlar tomonidan o‘rganilganida eng og‘ir 498 ta hududda loyihalar shakllantirilib, qo‘shimcha ravishda tarmoqlarni modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Energiya resurslari bilan ta’minlashga doir raqamlarga keladigan bo‘lsak, bu yil O‘zbekistonda ichki bozorga yo‘naltirilgan elektr energiyasi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,2 foizga ortganini ko‘rishimiz mumkin. Shu bilan birga, kuzatilayotgan uzilishlarning asosiy sababi, darhaqiqat, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi yoki qazib olinayotgan tabiiy gaz bugungi kunda real ehtiyojga yetarli emasligini, qoplay olmayotganini ko‘rish mumkin», — dedi u.

Ushbu muammoni bartaraf etish uchun eski texnologiyalarga asoslangan issiqlik elektr stansiya (IES)larining barchasini foydalanishdan chiqarib, yangi, zamonaviy, foydali ish koeffitsiyenti ikki barobar yuqori bo‘lgan IESlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu borada hozirda oltita loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lib, ular ishga tushganidan so‘ng O‘zbekistonda birorta ham eski IES qolmaydi.

Sherzod Xodjayev fotoelektrik va shamol elektr stansiyalarini qurish hisobiga mamlakat energetika tizimida qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish rejalari haqida ham gapirdi.

Aholining energiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzasidan murojaatlarini tezkorlik bilan hal qilish uchun call-markazlar tashkil etilgan: 1154 (elektr energiyasi bo‘yicha) va 1104 (gaz bo‘yicha).

Avvalroq, 16 noyabrda bo‘lgan matbuot anjumanida Sherzod Xodjayev mamlakatda kuzatilayotgan elektr energiyasi taqchilligi svetni 8−10 soatlab o‘chirib qo‘yishni talab qilmasligini ta’kidlagan edi. U avariyalarning oldini olish uchun 1 soatlik cheklov yetarli ekanini ma’lum qilgan edi. Shu kundan boshlab Toshkentda elektr energiyasini tejash maqsadida ko‘cha yoritkichlari va reklamali LED-ekranlar qisman o‘chirila boshlandi.

Xodjayev, shuningdek, gaz taqchilligi «Lukoyl» va Saneg neft-gaz kompaniyalari bilan imzolangan kelishuvlarga bog‘liq emasligini ham aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston gaz va elektr energiyasi eksportini amalda to‘liq to‘xtatgan, bu chora ta’minotdagi uzilishlar bilan bog‘liq muammolarni yaqin vaqt ichida «80 foizga» hal qilish imkonini berishi kerak.

Vazir o‘rinbosari 2022 yil yozida bergan intervyusida elektr energiyasining raqobatli ulgurji va chakana bozoriga o‘tish uchun, yangi konsepsiyaga asosan, to‘rt bosqich talab etilishini aytib o‘tgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident bozorga kirishni istagan har qanday biznes-subyektga litsenziya berish mumkin bo‘lishi uchun bozor qoidalarini tasdiqlashga va o‘sha biznes-subyekt ishlab chiqarishni boshlay olishi uchun tushunarli tartibni joriy etishga ruxsat bergan edi.