O‘zbekistonda ilk marta qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali o‘zini-o‘zi energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlaydigan xonadon barpo etildi, deya xabar qildi Energetika vazirligi.

BMTning Taraqqiyot dasturi loyihasi doirasida Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida o‘zini-o‘zi qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlaydigan xonadon barpo etildi.

17 noyabr kuni ushbu uyning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent viloyati hokimligi, Energetika vazirligi, Qurilish vazirligi, BMTTD va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur xonadonga 15 kVt quvvatga teng quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, xonadonni energiya resurslari bilan to‘liq ta’minlaydi.

Shuningdek, xonadonda issiq suv ta’minoti uchun 200 litrli quyosh suv isitish qurilmasi o‘rnatilgan.

Xonadon o‘z ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotib, qo‘shimcha daromad olish imkoniyati ham bor.