Samarqandda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha «Barqaror o‘sish uchun global darvoza» xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Tadbirda chiqish qilgan Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati masalalari bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel o‘z nutqida tushunarli va shaffof qoidalarga asoslangan xalqaro tartib odamlar va kompaniyalar investitsiyalarining xavfsizligi va erkinligini ta’minlash imkonini beradi.

«Agar biz xalqaro qonun ustuvorligini yo‘qotgudek bo‘lsak, yuzaga keladigan beqarorlik oqibatida shu vaqtgacha erishganlarimizning baridan mosuvo bo‘lishimiz xavfi bor. Hozirda xavf ostida bo‘lgan narsalarimizni himoya qilarkanmiz, ayni vaqtda yangi chaqiruvlarga ham dosh bera olish uchun o‘zgarishimiz ham kerak», — dedi u.

«Yevropaliklar va Markaziy Osiyo aholisi chaqiruvlar, tahdidlar qarshisida birlashmoqda. Biz pandemiyadan keyingi dunyoda yashayapmiz, ammo jamiyatlarimiz o‘rtasida avvalgidan ham kuchliroq bo‘lgan aloqalarni qurmoqdamiz hamda uch xil — energetika, oziq-ovqat va qarz inqiroziga sabab bo‘layotgan Rossiyaning Ukrainaga harbiy agressiyasi oqibatlarini bartaraf etishga urinmoqdamiz», — dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari.

«Biz ushbu tahdidlarni ko‘rmaslikka ololmaymiz. Ba’zilar to‘siqlar qurib, ularning ortiga yashirinib olishga urinmoqda. Biz esa aksincha harakat qilish kerakligini bilamiz. Devorlar hech qachon lozim darajada baland bo‘lmaydi, o‘z qobig‘iga o‘ralgan holda xavfsizlikka intilishlar muvaffaqiyatsizlikka uchrashi tayin. Buning o‘rniga biz bahamjihat ishlab, shu yo‘l bilan xalqaro qonun ustuvorligini himoya qilishimiz kerak, chunki u bizning umumiy xavfsizligimiz garovidir. Xalqaro qonun ustuvorligisiz savdo o‘smaydi va investitsiyalar kelmaydi. Xalqaro qonun ustuvorligisiz biz hammamiz xavflardan xoli bo‘la olmaymiz», — deya qayd etib o‘tdi Jozep Borrel.

U Yevropa Ittifoqini Markaziy Osiyo hududlari bilan yanada barqaror hamkorlikni rivojlantirishiga turtki berayotgan jihatlarga e’tibor qaratdi.

«Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz kabi, biz ham Yevropada kim bilan aloqa qilish erkinligiga ega bo‘lish uchun strategik avtonomiya yo‘nalishida olg‘a qadam tashlashni xohlaymiz. Haddan tashqari bog‘liqlik va tanlovsizlik juda qimmatga tushadi. Buni biz bugun Yevropada nafaqat energetika xavfsizligimiz masalasida, balki boshqa hayotiy muhim sohalar — raqamli infratuzilmalar, xavfsizlik arxitekturasi, shuningdek, oziq-ovqat yetkazib berish va eng zarur xomashyo materiallardan foydalanish masalalarida ham aniq-tiniq ko‘rib turibmiz. Bu masalalar bundan keyin ham Yevropada borgan sari muhim ahamiyat kasb etaveradi», — dedi Borrel.

«Hamkorlarimizda ham strategik avtonomiyaga erishish istagi bor. Biz buni hurmat qilamiz va Markaziy Osiyodagi hamkorlarimizning tarixiy yo jug‘rofiy o‘ziga xosliklardan qat’i nazar biror bir xalqaro hamkorga mute bo‘lib qolmaslik istagi tabiiy ekanini tan olamiz. Biz Markaziy Osiyodagi do‘stlarimizda tanlov erkinligi bo‘lishini qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi Yevropa diplomatiyasining rahbari.

«Shu bilan birga, biz ushbu aloqa variantlari eksklyuziv bo‘lmasligi kerakligi haqidagi qarashlarni ham ma’qullaymiz, — dedi u. — Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik to‘g‘risida so‘z yuritarkanmiz, bu boshqa aloqalar hisobiga bo‘lmasligi kerak. Aksincha, bu bog‘liqlik barchamizni bog‘lab turadigan nisbatan kattaroq tarmoq doirasidagi aloqalarni mustahkamlashi va to‘ldirishi kerak».

Jozep Borrelning ta’kidlashicha, Yevropa to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning jahon bo‘yicha birinchi raqamli manbasi hisoblanadi.

«Shubhasiz, biz Markaziy Osiyodagi eng katta investormiz. So‘nggi 10 yil davomida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Markaziy Osiyo mamlakatlariga 105 mlrd yevrodan ortiq investitsiya kiritgan, bu mintaqaga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar umumiy miqdorining 40 foizidan ko‘p. Bu Rossiya va Xitoy kiritayotgan investitsiyalar miqdoridan ko‘p. Biz bundan ham ko‘prog‘iga tayyormiz», — dedi YeI oliy vakili.

O‘z chiqishi yakunida Jozep Borrel Europe Team’ning taqdimoti konferensiya davomida o‘tkaziladigan ikki tashabbusi haqida ma’lumot berdi.

«Suv, energetika va iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha tashabbus Markaziy Osiyoda suv va energetika resurslarini barqaror boshqarishga, shuningdek, ekologik va iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga ko‘mak beradi», — dedi u.

«Raqamli o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha tashabbus esa Markaziy Osiyoning sun’iy yo‘ldosh aloqasi vositasida global internetdan foydalanish imkoniyatlarini oshiradi», — deya ma’lum qildi Jozep Borrel.