Samarqandda 17 noyabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Vazirlar ikki mintaqa o‘rtasida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, suv-energetika, ekologik va ijtimoiy-madaniy sohalardagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.

Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi nomidan Yevroittifoqning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati masalalari bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel qatnashdi.

Borrel uchrashuv yakunlari bo‘yicha qilgan chiqishida global siyosat va iqtisodiyotda Markaziy Osiyoning o‘rni tobora sezilarli tus olayotganini ta’kidlab o‘tdi.

«Bir necha yil avval Markaziy Osiyo haqida gapirarkanmiz, ehtimol, u [jahon kun tartibida] hech qayerda yo‘qligini ta’kidlagan bo‘lardik. Biroq bugun hammayoqda Markaziy Osiyo mavzusi bor. Chunki ushbu mintaqa jahonning yana va yanada hurmatli qismiga — Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi chorrahaga, ikki qit’ani bog‘lash uchun zarur bo‘lgan infratuzilmalarni tashkil etish uchun yanada ko‘proq sa’y-harakatlarni yo‘naltirishimiz kerak bo‘lgan joyga aylanmoqda. Bunday qarash kechagi kunda ham to‘g‘ri edi va Rossiyaning Ukrainaga urushi fonida yanada to‘g‘riroqdir», — deya qayd etib o‘tdi Jozep Borrel.

U Markaziy Osiyo va YeI tashqi ishlar vazirlari o‘tgan safar bir yil avval Dushanbeda uchrashganini ham eslab o‘tdi.

«Bizning so‘nggi uchrashuvimizdan beri dunyo sezilarli o‘zgardi. O‘zgarganda ham, yaxshi tomonga emas, — dedi Yevropa diplomatiyasi rahbari. — Ukrainaga qarshi Rossiya agressiyasining Yevropa Ittifoqi uchun, shuningdek, Markaziy Osiyo uchun ham global oqibatlari bor. Urush keltirib chiqargan zarba to‘lqini har ikkala mintaqaga birdek ta’sir qiladi».

«Agar kooperatsiyani saqlab qolishni, o‘zaro savdo qilishni, butun dunyo bo‘ylab iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashishni, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi va uyushgan jinoyatchilikni nazorat qilib turishni istasak, u holda bizga yanada ko‘proq hamkorlik, hamjihatlik zarur», — dedi Borrel.

«Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi — bu xalqaro tartibning buzilishidir. Shu bois biz endi avvalgidan-da xavfliroq bir dunyo bilan to‘qnash kelishimizga to‘g‘ri keladi. Va bu xavfga qarshi turishning yagona yo‘li — yanada ko‘proq va yaxshiroq hamkorlik qilishdir. Bu, ta’bir joiz bo‘lsa, bugungi kundagi bosh masala», — deya ta’kidladi YeIning oliy vakili.

Yevropa diplomatiyasining rahbari Afg‘oniston mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«O‘tgan yili hamma Afg‘oniston haqida gapirayotgan edi, u eng asosiy mavzu edi. Bugun Afg‘oniston matbuotning bosh sahifasida yo‘q, ammo bu mavzu hamon mavjud», — deya eslatib o‘tdi Jozep Borrel.

Diplomatning qayd etishicha, «Tolibon»ning inklyuziv siyosiy jarayonlarni yo‘lga qo‘yish, xotin-qizlar va milliy ozchilik vakillarining bazaviy huquqlarini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishi butun mintaqaga soya soladi. «Ayni vaqtda terrorchilik va uyushgan jinoyatchilik darajasi oshib bormoqda va siz buning mamlakatlarimizga ta’sirini siz ham ko‘rishingiz mumkin. Mintaqa mamlakatlarining Afg‘onistonga qo‘shni hududlarida qochoqlarning ko‘pligi ham biz uchun ahamiyatga ega masaladir», — deya qo‘shimcha qildi u.

Jozep Borrelning eslatishicha, Yevropa Ittifoqi so‘nggi to‘rt yil davomida afg‘on xalqiga 400 million yevro taqdim etgan.

«Biz ushbu barcha muammolar haqida, xususan, pandemiyadan keyingi tiklanish va iqlim bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan uch soat davomida juda batafsil gaplashib oldik, — deya xulosa qildi diplomat. — Bu holat munosabatlarimizni yanada kuchliroq qadrlashga undaydi».

«Yevropa Ittifoqi chegaralarni boshqarish bo‘yicha ko‘mak dasturi doirasida Markaziy Osiyo chegaralari xavfsizligini ta’minlashga yordam berishda davom etadi», — dedi u.

«Biz, shuningdek, mintaqa mamlakatlarini joylarda, axborot muhitida barqarorlarni buzishga intilayotgan dezinformatsiyaga qarshi kurash masalasida ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deya ta’kidladi Jozep Borrel.

U 18 noyabr kuni Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tishini ham eslatib o‘tdi. Ushbu tadbirda Yevropa Ittifoqi mintaqa mamlakatlariga suv va energetika, raqamlashtirish va transport sohalarida aniq loyihalarni taklif qilishi kutilmoqda.

Yevropa diplomatiyasining rahbari o‘z nutqi yakunida Ukraina portlaridan donni xavfsiz olib chiqish bo‘yicha Qora dengiz don kelishuvining uzaytirilganini olqishladi. Bu haqda avvalroq Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ma’lum qilib, kelishuv yana 120 kunga uzaytirilganini bildirgan edi.

«Ovqat hech qachon urush quroli sifatida ishlatilmasligi kerak. Ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashda davom etayotgani uchun BMT va Turkiyaga tashakkur», — dedi Borrel.