O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz beshinchi yalpi majlisi 18 noyabr kuni chaqiriladi. Bu haqda qaror Senat Kengashining 16 noyabrdagi yig‘ilishida qabul qilindi.

Senatorlar majlisda davlat boji, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquqlar yaratish, korporativ boshqaruv tizimi yanada takomillashtirish, mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish borasidagi qator qonunlarni ko‘rib chiqadi.

Shuningdek, «Izmir Shartnomasini (Izmir, 1996 yil 14 sentabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi hamda «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkiya Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy hadli Bitimni (Toshkent, 2022 yil 29 mart) ratifikatsiya qilish haqida»gi qonun ham ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, senat a’zolari 2022 yilning to‘qqiz oyi yakuni bo‘yicha davlat budjeti ijrosi va «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»ga oid davlat dasturining bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotlarini eshitadi.

Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari ham senatorlar muhokamasida bo‘ladi.

Yig‘ilishda daryolar o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi obyektlariga salbiy ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, Oliy sud raisining o‘rinbosarini saylash, Senat Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqish ham nazarda tutilgan.