Amerikaning «Tinchlik korpusi» (Peace Corps) xayriya tashkiloti O‘zbekistonda o‘z faoliyatini qayta tiklashga hozirlik ko‘rmoqda. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQShning Toshkentdagi yangi elchisi Jonatan Xenik ma’lum qildi, deb yozdi «Gazeta.uz» muxbiri.

««Tinchlik korpusi» O‘zbekistonda amalga oshirgan eng yaxshi dasturlarimizdan biridir. Bilaman, ko‘pchilik o‘zbeklar «Tinchlik korpusi» ko‘ngillilarini eslaydilar… «Tinchlik korpusi»da ko‘ngilli bo‘lib ishlaganlar AQShda O‘zbekiston [manfaatlarining] eng kuchli himoyachilaridir… Biz «Tinchlik korpusi» faoliyatini qayta tiklamoqchimiz. Bu borada O‘zbekiston hukumati bilan prinsipial kelishuvga erishdik», — dedi Amerika diplomatik missiyasi rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda dastur tafsilotlari ishlab chiqilmoqda. «Biz hozir dastur tafsilotlarini, u qanday bo‘lishini ishlab chiqishga harakat qilmoqdamiz. Biz xayriya dasturini muhokama qilish uchun „Tinchlik korpusi“ delegatsiyasini taklif qilishga harakat qilyapmiz. Bu biroz vaqt talab etadi», — dedi elchi.

Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

«Tinchlik korpusi» 1961 yil 1 martda tashkil etilgan AQSh hukumatining mustaqil federal agentligidir. Tashkilot o‘nlab turli mamlakatlarga ta’lim, tadbirkorlik, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida davlat idoralari, universitetlar va maktablar, nodavlat tashkilotlar va tadbirkorlar bilan hamkorlik qilish uchun ko‘ngillilarni yuboradi.

1992 yildan buyon tashkilotning O‘zbekistondagi dasturiga ichimlik suvini tozalash loyihalari, OITSga qarshi kurash, kichik biznesga yordam berish va boshqalar kirgan.

2005 yil iyun oyida «Tinchlik korpusi» O‘zbekistonda «hokimiyat bosimi» tufayli o‘z faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilgandi. Xususan, Tashqi ishlar vazirligi 52 nafar ko‘ngilli va mamlakat vakolatxonasi rahbarining vizasi muddatini uzaytirmagani ma’lum qilingandi.

«Tinchlik korpusi» O‘zbekistondagi faoliyati davomida 700 dan ortiq Amerika fuqarolarini mamlakatga jo‘natgan.

1961 yildan beri 178 mingdan ortiq amerikaliklar «Tinchlik Korpusi» ko‘ngillilari bo‘ldi. «Xizmat» 27 oy davom etadi, u kamida 18 yoshga to‘lganlarni qabul qiladi.