Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumaniga 2020−2022 yillarda hokimlik qilgan Maqsuda Mustafoyeva Qarshi shahridagi 11-maktab direktori etib tayinlandi.

Qarshi shahar hokimligidan «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishlaricha, Maqsuda Mustafoyevaning maktab direktorligiga nomzodi 15 noyabr kuni xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi tomonidan tasdiqlangan. Qashqadaryo viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati vakilining «Gazeta.uz»ga bildirishicha, 16 noyabr kuni boshqarma boshlig‘ining buyrug‘i chiqqan va Mustafoyeva maktab jamoasiga direktor sifatida tanishtirilgan.

Maqsuda Mustafoyeva 2020 yilning fevral-mart oylarida O‘zbekistonda hokimlik lavozimiga tayinlangan olti ayoldan biri bo‘lgan, Qashqadaryodagi yagona ayol hokim edi. Tayinlovgacha viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan.

Mustafoyeva tuman rahbari sifatidagi faoliyati davomida Qarshi tumanidagi Sulton Tex Group klasteri atrofidagi mojaro, IIB kuchidan foydalangan holda chorvachilik xo‘jaligining ozuqa g‘allasi tortib olish, 100 mln so‘mlik homiylik pullarining o‘zlashtirib yuborilishi kabi jarayonlardagi ishtiroki bilan tanilgan edi. So‘nggi hodisadan so‘ng viloyat hokimligi unga hayfsan e’lon qilgandi.

U prezident raisligidagi videoselektordagi tanqiddan so‘ng, 6 fevral kuni «o‘z arizasiga ko‘ra» tuman hokimi lavozimidan ketgan. May oyida Mustafoyevaning qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqalgan, biroq prokuratura buni rad etgandi. 2021 yil sentabrida Qashqadaryoning o‘sha vaqtdagi hokimi Zoir Mirzayev «[Maqsuda Mustafoyevaning] ishini ko‘rmay, uni hokimlikka tavsiya qilgani xato» bo‘lganini tan olgandi.