Davlat bojxona qo‘mitasi huzurida bojxonada olib qo‘yilgan tovarlarni sotish bilan shug‘ullanuvchi «Bojxona-servis» davlat muassasasi tashkil etiladi, deb xabar berdi Norma.uz.

2023 yil 1 aprelga qadar davlat bojxona xizmati organlari olib qo‘ygan va davlat daromadiga o‘tkazadigan mol-mulklarni elektron savdo platformalari va savdo yarmarkalari orqali sotish amaliyotini joriy etish, sotish uchun autsorsing asosida tadbirkorlik subyektlarini jalb etish, qabul qilib olish, saqlash va sotishgacha bo‘lgan jarayonlarni onlayn rejimda monitoring qilish imkonini beruvchi axborot tizimini ishga tushirish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan.

Bundan tashqari, «Bojxona-servis davlat muassasasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • davlat tashkilotlari va deklarantlar uchun shartnoma asosida bojxona deklaratsiyasi va boshqa hujjatlarni tuzish, davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etish hamda tovarlarga doir bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish;
  • chegara o‘tkazish punktlarini nazorat-texnik vositalar bilan jihozlash, ularga servis xizmatlar ko‘rsatish va ta’mirlash, ushbu vositalardan foydalanganlik uchun pulli xizmatlar ko‘rsatish;
  • chegara o‘tkazish punktlari va ularga tutash hududlarda avtoturargohlar tashkil etish hamda qonunchilikda taqiqlanmagan konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
  • davlat bojxona xizmati organlariga tegishli bo‘lgan bino va omborlarda shartnoma asosida bojxona omborlari faoliyatini tashkil etish, bojxona omborlarida tovarlarni saqlash, yuklash, tushirish xizmatlarini ko‘rsatish hamda boshqa yuk operatsiyalarini amalga oshirish;
  • bojxona nazorati zonasida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish;
  • qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan olib qo‘yilgan va davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni saqlash va sotish (qonunchilik hujjatlarida boshqa davlat organlarga beriladigan mol-mulklar bundan mustasno);
  • shaxsning davlat foydasiga voz kechish to‘g‘risidagi qarori asosida olingan tovarlarning qonunchilik hujjatlariga muvofiq sotilishini tashkil etish va boshqalar).

Muassasa va uning uning hududiy bo‘limlari boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 245 nafarni tashkil etadi.