O‘z vaqtida shaharning sokin va salqin xiyobonlaridan biri hisoblangan, 2017 yili prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida xalq sayili tarzida o‘tkazilgan Navro‘z tantanalariga mezbonlik qilgan Abdulla Qodiriy bog‘i bir necha yildan buyon o‘z bag‘rida kechayotgan o‘zgarishlar yakunini kutadi. Bog‘ning tezda bitishi va’da qilinadigan rekonstruksiyalari haqida 2019 yildan beri gapiriladi. Bu orada ko‘pchilikning nazarida parkniki bo‘lgan, ammo rasmiy hujjatlarda «parkka yondosh» hisoblangan hududlarda ko‘p qavatli binolar qurildi va qurilmoqda.

Abdulla Qodiriy bog‘i so‘nggi bor 2022 yilning mart oyida «uch oylik rekonstruksiya»ga yopilgandi. Oradan 8 oy o‘tdi hamki, park qayta ishga tushgani yo‘q. 7 noyabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi bog‘ ta’miri uchun qo‘shimcha 35 mlrd so‘m ajratishga qaror qildi. «Gazeta.uz» muxbirlari rekonstruksiya ishlari bilan tanishish va uning qachon ochilishini bilish maqsadida parkda bo‘ldi.

Oxiri yo‘q «rekonstruksiya loyihalari»

Abdulla Qodiriy bog‘i Vazirlar Mahkamasining sayyor yig‘ilishi bayonnomasi va Toshkent shahar hokimi qaroriga asosan, 2021 yilda shahar hokimligi huzuridagi Olmazor Business City direksiyasi balansiga tezkor boshqaruv huquqi bilan o‘tkazilgan. Direksiya 2022 yil martida bog‘ni yangilash loyihasini jamoatchilikka taqdim etgan edi.

Qayd etish joiz, bu Abdulla Qodiriy bog‘ini rekonstruksiya qilish bo‘yicha oxirgi to‘rt yilda jamoatchilikka ko‘rsatilgan kamida uchinchi loyiha edi. Dastlab, 2018 yil avgustida prezidentga «bog‘ni zamonaviy parkka aylantirishga qaratilgan loyihalar» ko‘rsatilgandi. E’lon qilingan loyihaviy taklif suratlarida attraksionlarni, shuningdek, savdo-hunarmandchilik rastalarini ko‘rish mumkin.

2018 yil avgustida prezidentga ko‘rsatilgan rekonstruksiya loyihasi. Foto: Prezident matbuot xizmati

2019 yil kuzida poytaxt hokimligi bog‘ni yangilash bo‘yicha navbatdagi loyihalarni e’lon qildi. Ularning birida bog‘ hududi 14 ta zonaga ajratilgani, zonalardan biri Abdulla Qodiriy ijod maktabi va kutubxona binosiga, yana biri esa mehmonxonalarga ajratilishi ko‘rsatilgan. Ikkinchi loyihada esa bog‘da «Abdulla Qodiriy yashab, ijod qilgan davr ruhi aks etgan» etno-park va etnoshaharcha qurilishi aytilgan edi (bu loyiha haqidagi materiallarda bog‘ hududi 16 gektar ekani ta’kidlanadi).

Bog‘ni rekonstruksiya qilish doirasida zonalarga bo‘lib chiqish, 2019 yil. Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Aynan shu loyihada bog‘ hududining bir qismi mehmonxona majmuasi qurish uchun Yaponiyaning HIS Hotel Holding kompaniyasiga berilishi ham bildirilgandi. Etno-park va etnoshaharcha qurilishi uchun budjet pullari sarflanmasligi, faqat investitsiya loyihalaridan kelib tushgan mablag‘lar yo‘naltirilishi ta’kidlangan edi. «Ma’lum muddat e’tiborsiz qolgan, o‘z jozibadorligini yo‘qotgan bog‘, „sevishganlarning“ kechki uchrashuv joyi va jinoyat yaratilishiga qulay bo‘lib qolgan hilvat hudud tez orada ko‘rkam, jozibador, yorug‘ va obod maskanga aylanadi», — deyilgandi hokimlikning o‘sha axborotida.

Bog‘ni rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihaviy taklif surati, 2019 yil. Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Bog‘ Olmazor Business City direksiyasiga o‘tkazilgach (dastlabki xabarlarda direksiyaga bog‘ning yarmi — 8 gektar qismi berilgani aytilgandi), 2021 yil bahorida navbatdagi rekonstruksiya rejalari ma’lum bo‘ldi. Mutassaddilar endi bu yerda attraksionlar bo‘lmasligi, bog‘ «ekoparkka aylantirilishi»ni e’lon qildi. O‘shanda Olmazor Business City direksiyasi rahbari Umid Umarov bog‘ rekonstruksiya uchun uch oy muddatga yopilayotgani, bunda loyihachilar «vaqtni zaxirasi bilan olayotgani»ni, ya’ni bog‘ni yangilash uchun uch oy yetib ortishini ma’lum qilgan edi.

Park qachon ochiladi?

Bog‘ning ta’miri, 2019 yilgi rejalardan farqli o‘laroq, endi Olmazor Business City direksiyasi va Toshkent shahar hokimligi mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi kerak edi. Umid Umarovning ta’kidlashicha, mart oyida uch oyda yakuniga yetishi aytilgan rekonstruksiya ishlari boshlangach, direksiya hisobidan 5 mlrd so‘mcha pul sarflangan. Ammo keyinroq ko‘p pul talab qilgani bois ishlar to‘xtab qolgan.

Umarovning aytishicha, ishlar boshlanishidan avval rekonstruksiyaga 30 mlrd so‘m atrofida mablag‘ sarflanishi reja qilingan. Pul yetishmovchiligi sabab ishlar to‘xtab qolgach, «bog‘ Qurilish va Iqtisodiy taraqqiyot vazirliklarining ishchi guruhlari tomonidan ekspertizadan o‘tkazilib, xulosalar olingan». «Buning uchun 5 oy vaqt ketdi», — dedi direksiya rahbari «Gazeta.uz» muxbiri bilan suhbatda.

7 noyabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi vazirliklar taqdim etgan ekspertiza xulosalariga tayanib, park rekonstruksiyasi uchun 35 mlrd so‘m ajratish haqida qaror chiqargan. «Shu bo‘yicha ishlaymiz, [xarajatlarni] bundan oshirmaslikka maksimal harakat qilamiz. Lekin narx-navo kundan-kunga o‘zgarib turibdi, buning ta’sir qilish ehtimoli bor», — deydi Umarov. Uning qo‘shimcha qilishicha, qurilish-ta’mirlash ishlari «yaqin kunlarda yana davom ettiriladi va bahorga qadar davom etadi».

«Bog‘ni fevral oyida foydalanishga topshirishni rejalashtirganmiz. Ammo ob-havo tufayli bu muddatni cho‘zilish ehtimoli bor. Chunki qattiq sovuq, qor yoki yomg‘ir yoqqan kunlari mutaxassislarni ishlatib bo‘lmaydi. Shuning uchun parkning ochilish marosimi uzog‘i bilan Navro‘zda o‘tkaziladi. Bayram munosabati bilan xalq sayilini shu yerda o‘tkazish niyatimiz bor», — dedi Olmazor Business City direksiyasi direktori.

Umid Umarov bahordagi gaplarni takrorladi — бу yerda attraksionlar bo‘lmaydi, hudud ekoparkka, sayilgohga aylantiriladi. Amfiteatr quriladi, 50 dan ortiq o‘rindiq (skameyka) o‘rnatiladi, beshta hojatxona ish boshlaydi. Parkdagi bir qator do‘konlar milliy ruhda qayta ishlanib, hunarmand va haykaltaroshlarga beriladi. Bog‘ning sug‘orish tizimi yangilanadi, markazidagi favvora qayta quriladi. Daraxtlar soni 2000 taga yetkaziladi (hozirda 1800 ga yaqin). Parkning butun hududi Wi-Fi hamda 110 ta videokuzatuv kamerasi bilan qamrab olinadi.

«Mehmonxonalar park hududidan tashqarida qurilmoqda»

Rekonstruksiya ishlari tugagach, parkka uch tarafdan: Abdulla Qodiriy va Sebzor ko‘chalari kesishmasi (sobiq «Ganga» do‘koni) tarafdagi eski darvozasidan, Abdulla Qodiriy ijod maktabi oldidagi darvozadan hamda Eski Juva (Chorsu) bozorining sobiq avtostansiya o‘rnidagi avtoturargohiga qaragan darvozasidan kirish mumkin bo‘ladi.

Hozir bog‘ning «Ganga» tarafdagi kirish qismida ikki tomondan mehmonxonalar qurilayotganini ko‘rish mumkin. Ularning biri Almasd Hotel tomonidan, ikkinchisi esa Wan Li kompaniyasi tomonidan ko‘tarilmoqda.

Umid Umarov bu qurilishlarga Olmazor Business City direksiyasining aloqasi yo‘qligi va binolar barpo etilayotgan joylar park hududiga kirmasligini ta’kidladi (uning so‘zlariga ko‘ra, bog‘ning umumiy maydoni kadastr hujjatlari bo‘yicha 11,6 gektarni tashkil etadi). Mehmonxonalar qurilishlaridagi mas’ullar esa biror bir izoh berishdan bosh tortdi.

Park rekonstruksiyasiga doir 2019 yilda e’lon qilingan loyihaviy suratlarda hozirda Wan Li kompaniyasi qurilish olib borayotgan hudud (2-raqam bilan ajratilgan) mehmonxonalar uchun ajratilgani ko‘rsatilgan edi. Hududning Abdulla Qodiriy ijod maktabiga tutash qismida, 2019 yilda rejalashtirilganidek, Yaponiyaning HIS Hotel Holding kompaniyasi tomonidan Inspira-S mehmonxonasi ishga tushirilgan.

Qozog‘istonning BI Group kompaniyasi tomonidan qurilishi rejalashtirilgan mehmonxona majmuasining loyihaviy surati. Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

2021 yil martida ijod maktabining ikkinchi (Inspira-S'ga qarama-qarshi) tarafidagi 0,75 gektarlik maydonda Qozog‘istonning BI Group kompaniyasi tomonidan Hampton by Hilton brendi ostida Toshkentdagi ikkinchi mehmonxona qurilishi haqida xabar berilgan, Toshkent shahar hokimligi parkda hatto bo‘lajak inshootning vaqt kapsulasi tashlanganini ma’lum qilgan edi.