16 noyabr kuni “Ko‘ksaroy” qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari oxirgi olti yilda O‘zbekistonning ushbu moliyaviy instituti bilan aloqalari misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bank ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishda O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, xususan, energetika, transport-logistika, sog‘liqni saqlash, ta’lim, uy-joy kommunal xo‘jalik sohalarida DXSH loyihalarini amalga oshirish, “yashil” taraqqiyot, xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi, deyiladi xabarda.


Odil Reno-Basso sermahsul sheriklikni kengaytirishga tayyorligini bildirdi. Kelgusi yilda Samarqand shahrida bank boshqaruvchilarining navbatdagi yillik yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlikning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida mamlakatning YeTTB bilan hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan aniq tadbirlardan iborat “yo‘l xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.