Ijtimoiy tarmoqlarda Sariosiyo tumani «Sangardak» mahallasida noma’lum shaxslar tomonidan bo‘rining terisi shilib olinayotgani aks etgan video e’lon qilingan edi. Holat Surxondaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi hamda Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.

O‘rganish davomida ushbu holat Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani «Sangardak «mahallasida yashovchi fuqaro T.F. tomonidan sodir etilgani ma’lum bo‘ldi.

Fuqaro T.F bu harakati bilan O‘zbekiston «Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning 42-moddasi va «Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunning 17, 27-moddalari talabini buzgani sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 90-moddasi 1-qismi bilan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari miqdorida jarima belgilandi.

«Shundan so‘ng bu kabi holatlar yana sodir etilmasligi uchun „Sangardak“ mahallasi aholi vakillari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ularga tabiiy muhitda yashayotgan yovvoyi hayvonlarni ovlash, ularga ziyon yetkazish tegishli qonunlarga asosan javobgarlikka tortilishi batafsil tushuntirildi», — deyiladi xabarda.