15 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Amerika Qo‘shma Shtatlarining favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Jonatan Devid Xennikni qabul qildi.

O‘zbekiston TIV axborot xizmatining xabar berishicha, uchrashuvda elchi vazirga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. O‘z navbatida, Vladimir Norov elchini lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat davomida ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni, shuningdek, ikki tomonlama darajada va «C5+1» (Markaziy Osiyoning 5 davlati + AQSh) shaklida bo‘lajak tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

Savdo-investitsiya aloqalarini rivojlantirish, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiyotiga Amerika kapitali va texnologiyalarini jalb qilish, to‘qimachilik, farmatsevtika, energetika, AKT jabhalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish, moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari mavjudligi qayd etildi.

Tomonlar, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha ham fikr almashdilar. Ushbu mamlakatga xalqaro yordamni kengaytirish zarurligiga qayd etildi.

Jonatan Xenik bungacha ham AQShning O‘zbekistondagi elchixonasida ishlagan. «Faoliyatimning ko‘p qismini shu mintaqada (Markaziy Osiyoda — tahr.) ishlash bilan o‘tkazdim va yangi lavozimda qaytish imkoniyatidan xursandman», — dedi u AQSh Senatida yangi lavozimga o‘z nomzodi tasdiqlanishidan oldin so‘zlagan nutqida.

Uning lavozimlari orasida AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha byurosi yordamchisi o‘rinbosari lavozimi ham bor edi. O‘tgan yildan beri u Milliy mudofaa universiteti Axborot va kibermakon kollejida AQSh davlat departamenti raisi sifatida ishlagan (biografiyasi tafsilotlari).

Eslatib o‘tamiz, AQShning Toshkentdagi avvalgi elchisi Deniyel Rozenblyum AQShning Qozog‘istondagi elchisi etib tayinlangan edi.