Gaipov Sunnatilla Xudayarovich «Urganch» xalqaro aeroporti direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati.

Tegishli farmon Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva tomnidan imzolandi.

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bitiruvchisi Sunnatilla Gaipov 20 yilga yaqin Uzbekistan Airways aviakompaniyasida turli lavozimlarda ishlagan. So‘nggi yillarda u Amritsarda (Hindiston) aviatashuvchi vakili va Dehlida vakil yordamchisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida aeroportning avvalgi direktori rahbariyat qarori bilan egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi. Shu paytgacha, boshqaruv raisining operatsion faoliyat bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Javlonbek Umarxo‘jayev aeroportning vaqtinchalik direktori vazifasini bajarib kelgan edi.