Toshkent davlat yuridik universiteti rektori lavozimida ishlab kelayotgan Akbar Toshqulov adliya vaziri etib tayinlandi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Vazirlar Mahkamasi ma’lum qildi.

Akbar Toshqulov 1971 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 1994 yilda Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan, huquqshunos, 1-darajali adliya maslahatchisi. «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist» unvoni bilan taqdirlangan.

U o‘z mehnat faoliyatini 1994−1995 yillarda Adliya vazirligi Xalqaro-huquqiy boshqarmasining katta maslahatchisi lavozimidan boshlagan.

Akbar Toshqulov adliya organlari tizimida turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan bo‘lib, 2017 yil aprel oyidan boshlab adliya vaziri o‘rinbosari sifatida ishlagan. 2021 yil 10 dekabr kuni Toshkent davlat yuridik universiteti rektori etib tayinlangandi.

Bundan avval, sobiq adliya vaziri Ruslanbek Daletov prezidentning ijtimoiy-siyosiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangandi.