Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti ijtimoiy tarmoqlarda Termizda harbiy xizmat o‘tayotgan qarshilik yigit vafot etgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Termizdagi harbiy qismlarning birida xizmat qilayotgan oddiy askar K.Q. sog‘lig‘i bo‘yicha shikoyat qilganligi sababli 11 noyabr kuni Markaziy harbiy klinik gospitalga yotqizilgan.

Tibbiy tekshiruvlar natijasida bemor K.Q. «yurakning o‘ng bo‘lmachasida kontrast to‘ldirish defekti (tromb), ko‘ks oralig‘ida hajmli hosila, ikki tomonlama gidrotoraks» aniqlangan. 14 noyabr kuni bemor shoshilinch ravishda «American Hospital» klinikasida kardioxirurg konsultatsiyasiga olib borilgan.

«Bemor hayoti uchun tashxis va jarrohlik operatsiyasi o‘ta xavfli hisoblanadi. Ammo hayotiy ko‘rsatmalarga asosan jarrohlik operatsiyasini bajarish lozimligi sababli klinikada gospital mutaxassislari ishtirokida jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, bemorning umumiy ahvoli o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyasiga mos ravishda og‘irligicha qolgan. O‘tkazilgan reanimatsion chora tadbirlarga qaramasdan bemorda biologik o‘lim qayd etilgan.

Qashqadaryolik bloger Azizbek Yazdurdiyevning «Daryo»ga ma’lum qilishicha, marhum yigit harbiy orkestrda xizmat qilgan bo‘lishi mumkin.

«Ikki kun ilgari uydagilariga qo‘ng‘iroq qilib, pul kerakligini, uzoqroq joyga ketishayotganini aytgan ekan. Rahmatli qo‘li gul sartarosh, musiqa asboblarini chala oladigan darajada san’atkor yigit edi», — deydi bloger.