Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev O‘zbekistonda elektr energiyasidagi uzilishlarning sababini ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i yetishmasligi bilan izohladi. U bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjmunida gapirib o‘tdi.

Sherzod Xo‘jayev oxirgi besh yilda qurilgan elektr stansiyalari undan oldingi 25 yilda ham qurilmagani haqida gapirar ekan, shundan so‘ng, ist’emolchilarga yetkazib berishdagi uzilishlarning soni qariyb 3 baravarga kamaytirilganini ta’kidladi.

«Ochiq ayta olaman, bugungi kundagi elektr energiyasidagi uzilishlarning 90 foizi uskunalarning eskirganligi yoki yetarli emasligida emas, balki stansiyalarimizda elektr ishlab chiqarish uchun yoqilg‘i yetishmasligida. Masalan, O‘zbekistondagi mavjud elektrning 90 foizi issiqlik elektr stansiyalarida ishlab chiqariladi. Uning qariyb 85 foizi tabiiy gaz vositasida [ishlaydi]», — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yilgacha O‘zbekistonda bitta zamonaviy bug‘-gaz issiqlik stansiyasi qurilgan — 2012 yilda Navoiy issiqlik elektr stansiyasida. Ammo 2016 yildan keyin davlat investitsiyasi hisobidan Navoiyda bitta, Tallimarjonda ikkita, To‘raqo‘rg‘on elektr stansiyasida ikkita, Taxiatosh elektr stansiyasida ikkita va Toshkent elektr stansiyasida bitta bug‘-gaz qurilmasi barpo etildi.

«Bundan tashqari, yana Talimarjonda ikkita, Navoiyda ikkita, Sirdaryoda to‘rtta, Surxondaryoda ikkita bug‘-gaz qurilmasini qurish bo‘yicha loyihalarimiz boshlandi. Bu gaplarni mana shu loyihalar ishga tushgandan so‘ng hamma muammoalar yechiladi, sabr qilib turinglar maqsadda aytayotgandim yo‘q. Vaziyat o‘zgarishini hech kim bilmayapti», — dedi Sherzod Xo‘jayev.