Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlarining qo‘shma yig‘ilishida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Senat a’zosi etib saylandi, deya xabar bermoqda hokimlik matbuot xizmati.

Qo‘shma majlisda 643 nafar deputat ishtirok etib, yashirin ovoz berish jarayonlarida ularning barchasi qatnashdi.

Deputatlarning 641 nafari nomzodni yoqlab ovoz berdi va Zoyir Mirzayev mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylandi. Yig‘ilishda hokim bildirilgan ishonch uchun xalq vakillariga minnatdorlik bildirdi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» nima uchun hokimlar senator etib saylanishi haqida yozgandi. Unda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov buning sababini tushuntirgan edi. Unga ko‘ra, Oliy Majlis Senati (yuqori palata) — hududiy vakillik organi, bu yerda partiyaviy yondashuv va siyosiy qarashlar yo‘q. Bundan tashqari, Senat — bu senatorlar o‘z hududlarining manfaatlarini ifoda etadigan maydon.

«Agar har bir hududdan 6 ta deputat bo‘ladigan bo‘lsa, bittasi hokim saylanib kelyapti. Viloyat hokimi shu yerdagi eng katta davlat xizmatchisi bo‘lgandan keyin, uni ham mana shu Senatga saylanyapti», — degandi u, hokimlar o‘z hududi muammolarini yaxshiroq bilishi haqida ta’kidlab.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil noyabr oyidan buyon Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Zoyir Mirzayev nomzodi 22 sentabr kuni viloyat hokimi lavozimiga tasdiqlangandi.