Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boshqarmasi va Xovos transport prokuraturasi hamkorligida yo‘l infratuzilmasi obyektlarida qonun buzilishi holatlarini aniqlash yuzasidan tezkor tadbirlar olib borildi, deya xabar bermoqda xizmat matbuot xizmati.

«Sirdaryo yo‘llardan muntazam foydalanish» unitar korxonasining sobiq mansabdor shaxslari tomonidan 2018−2021 yillarda avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan budjet mablag‘lari, ishchi xodimlarning ish haqlari va rag‘batlantirish pullari — jami 1 milliard 6 million 792 ming so‘m talon-toroj qilinganligi aniqlandi.

Oqibatda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Korxonaning sobiq rahbari X.O., sobiq bosh hisobchisi S.Sh., sobiq hisobchisi X.S., sobiq bo‘lim boshlig‘i M.Sh. va yana 10 nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, sud idoralariga yuborildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sayxunobod tuman sudining hukmiga ko‘ra, aybdorlarga ozodlikdan mahrum qilish, axloq tuzatish ishlari hamda qonunchilikda belgilangan boshqa jazo turlari tayinlandi.

Talon-toroj qilingan 1 milliarddan ortiq mablag‘ning 767 million 753 ming 402 so‘mi sud va tergov davrida davlat foydasiga undirildi. Qolgan 239 million 039 ming 301 so‘mi Majburiy ijro byurolariga majburiy tartibda undirish uchun yuborildi.