Yakshanba kuni O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar ortidan «O‘zbekiston24» telekanali jurnalisti, bloger Aziza Qurbonova gaz bosimining kuchi hattoki choy damlashga ham yetmayotganini tanqid qilgandi.

Uning Facebook`dagi mazkur posti ostida Uchtepa tuman hokimligining rasmiy sahifasi nomidan hokimning matbuot kotibi To‘rabek To‘rayev bildirgan izohlar ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

«Hokimlik akkauntidan yozilgan bunday gaplarni o‘qish juda kulgili bo‘larkan», — deb izoh qoldirgan Jamshid Niyozov ismli foydalanuvchilardan biri.

Uchtepa tuman hokimligi nomidan yozilgan so‘zlar ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘lganidan so‘ng, hokimlik munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, hokimlikning Tashkiliy kadrlar guruhi tomonidan holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.

«Haqiqatdan ham tuman hokimligining rasmiy sahifasi orqali hokimlik matbuot kotibi (To‘rabek To‘rayev) tomonidan his-hayajonga berilib, yozgan fikrlari tanqid qilindi. Tuman hokimligi matbuot kotibining sohaga qo‘shgan hissasi va tumandagi bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni tezkorlik bilan yoritishi va bir necha respublika va halqaro tanlovlarda e’tirof etilgani, qolaversa bunday e’tirozli holatlarga muqaddam yo‘l qo‘yilmaganligi va ko‘p yillik tajribasi inobatga olinib, tuman hokimi tomonidan unga ogohlantirish berilganligini ma’lum qilamiz», — deyiladi bayonotda.

E’tiborli jihati, tuman hokimligining Telegram`dagi rasmiy sahifasida avvaliga matbuot kotibiga «ogohlantirish intizomiy jazo chorasi berilganligi» ma’lum qilingandi, oradan ko‘p o‘tmay xabar tahrirlangan va shunchaki «ogohlantirish» so‘zlari qoldirilgan.

Hokimlik matbuot kotibining bundan keyingi faoliyatida tuman hokimligi nomidan bildirayotgan fikrlarida jurnalistik etikasiga rioya etishi tushuntirilgani qo‘shimcha qilingan.

Shuningdek, jurnalist Aziza Qurbonova ikki kunlik muzokaradardan so‘ng gaz bosimi yaxshilangani haqida post yozdi: