O‘zbekiston prezidentining farmoni bilan Xudaybergenov Tursinxan Aydarovich Prezidentning Orolbo‘yi mintaqasini barqaror rivojlantirish masalalari buyicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov. Mazkur lavozim Prezident administratsiyasida yangi ta’sis etilgan.

Shu munosabat bilan u prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.

Tursinxan Xudaybergenov mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri vazifasini bajaruvchisi lavozimidagi faoliyatini davom ettiradi.

U 2010 yilning martidan 2016 yil dekabrigacha FVVga rahbarlik qilgan. Undan so‘ng prezidentning jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi lavozimiga tayinlangan.

Tursinxon Xudoyberganov (1951 yilda tug‘ilgan) — Toshkent pedagogika instituti (1974 yil) va SSSR IIV Akademiyasi (1982) bitiruvchisi. 1974−1999 yillarda IIVda turli lavozimlarda ishlagan. 1999−2001 yillarda Xorazm viloyati IIB boshlig‘i, 2001−2006 yillarda — prezidentning huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi, 2006−2010 yillarda esa Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.