O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev YUNESKOning kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berishga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasi ochilishida nutq so‘zladi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Anjumanda 150 mamlakatdan 2500 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan 70 dan ortiq vazirlar va yuzlab tashkilotlar, pedagoglar hamda tadqiqotchilar ishtirok etmoqda.

«Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida kichik yoshdagi bolalarni sifatli maktabgacha ta’lim bilan ta’minlash borasida qator muammolar mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Ko‘plab mamlakatlarda qariyb 200 million bola maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagani natijasida ularning boshlang‘ich bilim olish imkoniyatlari cheklanmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«O‘z navbatida, keyingi bir necha yil davomida koronavirus pandemiyasi ta’lim sohasiga ham katta salbiy ta’sir ko‘rsatgani sir emas. Mana shunday sinovlar davrida barcha davlatlarning yaqin hamkorlikni yanada chuqurlashtirishi, xalqlarimiz o‘zaro birlashib, muammolarni birgalikda hal etishi naqadar muhimligini yaqqol ko‘rsatmoqda», — dedi davlat rahbari.

Hozirgi paytda mamlakatda 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor.

«Shuni ham aytish joizki, yurtimizda yaqin o‘tmishda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi. Deyarli barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalar va qo‘llanmalar yo‘q, binolari ta’mirtalab edi. Bu esa bolalarimizni to‘laqonli sifatli ta’lim va tarbiya olishini cheklagan», — dedi prezident.

Shuningdek, u so‘nggi yillarda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paygani, olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilingani haqida gapirdi. Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetgani, shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yilganini qayd etdi.

«Ushbu choralar natijasida bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Biz kelgusida ham bu yo‘lda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirib, 2025 yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshiramiz. Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish doirasida 2025 yilga qadar 6 yoshli bolalarning 100 foizini maktabga tayyorgarlik dasturi bilan qamrab olishni maqsad qilib olganmiz», — dedi O‘zbekiston prezidenti.

«Ishonchim komil, mazkur konferensiya butun dunyoda 2030 yilga qadar maktabgacha ta’lim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli ta’lim berish yo‘lida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi», — dedi davlat rahbari va qator muhim takliflarni ilgari surdi.

Dunyoda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan davrda eng zaif qatlam bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalar ham jiddiy aziyat chekmoqda.

«Shu sababli, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli ta’lim berish muammolarini global darajada samarali hal qilish, bu masalalarga birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish juda dolzarbdir. Buni inobatga olib, mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o‘tkazib borishni taklif etamiz», — dedi prezident.

«Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lgan ta’lim bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarimizni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida Toshkentda YUNESKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusimizni ma’qullaysizlar, deb ishonaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, u kichik yoshdagi bolalar ta’limi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqishni taklif etdi. Mazkur yo‘nalishda jahonda to‘plangan ilg‘or tajribalar, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslublari, amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan o‘zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi.

«2024 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan kelajak sammitining umumiy kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish masalasini kiritish hamda unga alohida sessiyani bag‘ishlash muhimdir», — dedi u.

«Bugungi konferensiya yakunlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani to‘g‘risida maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish ayni muddao bo‘lar edi», — dedi davlat rahbari.

«Ushbu hujjatda ota-onalarni bolalarning sifatli ta’lim va tarbiya olishi, ma’naviy va jismoniy barkamolligini ta’minlashdagi rolini, ularning qobiliyat va salohiyatlarini to‘liq namoyon etish borasidagi mas’uliyatini yanada oshirish kabi masalalar o‘z ifodasini topishi lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.