O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatida kadrlar o‘zgardi. Bu haqda TIV sayti ma’lumotlari guvohlik bermoqda.

2020 yil may oyidan buyon tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Furqat Ahmedovich Sidiqov tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi.

O‘zbekistonning Quvaytdagi elchisi lavozimida ishlab kelgan Bahromjon Jo‘raboyevich A’loyev tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘ldi.

Furqat Sidiqov 1971 yil 7 fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1993 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. UzDaewoo Electronics QKda bosh mutaxassis (1993−1995), Prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutida xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim (1995−2002, 2007−2011) lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida attashe (2002−2007), ushbu elchixonaning birinchi kotibi (2011−2015), O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi (2015−2020) lavozimlarida ishlagan.

Bahromjon Aloyev O‘zbekistonning Quvaytdagi muvaqqat ishlar vakili maslahatchisi lavozimida ishlagan. Diplomat 2008−2012 yillarda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasini boshqargan, bungacha esa Tashqi ishlar vazirligining MDH davlatlari va Rossiya bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.