Toshkent hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Nodira Umarova insta-bloger Sevinch Sa’dullayeva ustidan huquq-tartibot organlariga ariza kiritdi. Bu haqda «Gazeta.uz» Oliy sud saytidagi ochiq ma’lumotlarga asoslanib xabar berdi.

Jumladan, Oliy sud portalida Nodira Nigmatullayevna Umarova ma’muriy ish bo‘yicha ariza beruvchi (jabrlanuvchi) sifatida ko‘rsatilgan — uning familiyasi, ismi va otasining ismi hokim o‘rinbosarining familiyasiga to‘liq mos keladi. Gap haqiqatan ham hokim o‘rinbosari haqida ketayotganini suddagi manba «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Sud qaroriga ko‘ra («Gazeta.uz»da nusxasi mavjud) ma’muriy ish sudya Surayyoxon Xo‘jamqulova tomonidan ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda Mirobod tumani IIB boshlig‘i o‘rinbosari Sh. Mirzayev, Mirobod tumani 4-sonli IIB xotin-qizlar bilan ishlash katta inspektori S.Baxmetova, profilaktika inspektori Sh. Bobojonov ham ishtirok etgan.

11 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida Sevinch Sa’dullayeva «o‘z ishtirokidagi video va fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarda odob-axloq qoidalariga zid ravishda, jamiyatdagi xulq-atvor qoidalariga qasddan e’tibor bermay, jamoat tartibini buzgan holda joylashtirgani, bu esa fuqarolarning asosli da’volariga sabab bo‘lgani» qayd etildi.

20 yoshli Sevinch Sa’dullayeva qilmishidan afsusda ekanini aytib, Turkiyada yashovchi onasining qaramog‘ida bo‘lgan bir nafar voyaga yetmagan farzandi borligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda tarqalayotgan video va fotosuratlar bir necha oy oldin «Instagram»ga joylashtirilgan. U o‘z qilmishlarini boshqa takrorlamaslik hamda ijtimoiy tarmoqdagi barcha video va suratlarni olib tashlashga va’da berib, yengilroq jazo qo‘llanishini so‘ragan.

Sudya huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan sodir etilgan voqea O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb hisobladi va besh sutkalik qamoqqa olish tayinladi. Ushbu modda sanksiyasida BHMning 3 baravaridan 5 baravargacha jarima (900 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha) ham yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish ham nazarda tutilgan.

Ish materiallariga ashyoviy dalil sifatida 1 dona CD-disk ilova qilingan.

Shuningdek, qizdan ma’muriy qamoqxona foydasiga 225 ming so‘m (har bir hibsga olingan kun uchun BHMning 15 foizi) undiriladi.

Toshkent shahar oila va xotin-qizlar bosh boshqarmasi boshlig‘i Nodira Umarova avvalroq bloger Sevinch Sa’dullayeva 5 sutkalik hibsda bo‘lganidan so‘ng to‘liq nazoratga olinib, kasb-hunarga o‘qitilishi va doimiy ishga joylashtirishi belgilanganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Toshkent shahar oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan u bilan doimiy ish olib borilib, psixologlar yordamida korreksion ishlar o‘tkazilishi belgilangan.

Biz Nodira Umarova va Surayyoxon Xo‘jamqulova bilan bog‘lana olmadik.

Huquq-tartibot idoralarining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, tarmoqda uning ishtirokidagi erotik videolar tarqalgani ma’muriy ish qo‘zg‘atilishiga sabab bo‘lgan. Xususan, uning nomidan turli Telegram kanallarida erotik kontent joylashtirilgan yopiq guruhlarga olib boradigan fotosurat va videolar e’lon qilingan.