Andijon shahri «Sog‘lom avlod» mahallasidagi 50-maktab stadioni o‘rnida 13 noyabrdan boshlab ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi to‘xtatildi, deya xabar bermoqda Qurilish vazirligi matbuot xizmati. Bunga obyektda buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritilgani sabab bo‘ldi.

12 noyabr kuni «Soyadagi siyosatchilar» Telegram-kanalida stadion o‘rnida bino qurilayotgani, qurilish viloyat prokuraturasiga juda yaqin joyda olib borilayotgani haqida post e’lon qilingandi.

Viloyat prokuraturasining 13 noyabrdagi bayonotida ta’kidlanishicha, maktab hududining bir qismi 2019 yil 14 avgustdagi qaror bilan Andijon hokimligi zaxirasiga o‘tkazilgan, shundan so‘ng «SXF Andijon City Stroy» 2020 yilda qurilish uchun ajratilgan.

Shuningdek, prokuratura shahar hokimining quruvchiga yer ajratish to‘g‘risidagi qarori qalbaki ekanligini va 2022 yil oktabr oyida jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Andijonning o‘sha paytdagi hokimi Bahromjon Haydarov esa yozda hibsga olingandi.

Qurilish vazirligi o‘z xabarida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ham 2019 yil 16 avgust kuni mazkur 0,72 ga yer maydonini Andijon shahar hokimligi zahirasiga o‘tkazish bo‘yicha taklifiga rozilik berilganini qayd etgan.

«SXF Andijon City Stroy» kompaniyasiga mazkur hududda «to‘rt qavatli zamonaviy savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish ko‘ngilochar majmuasi» qurishga ruxsat berilgan, biroq loyiha o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirilgan.

Qurilish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar bo‘yicha hukumatning 2018 yil 18 maydagi №370 qaroriga asosan ijobiy xulosalar tuzilgan, deya ta’kidlaydi Qurilish vazirligi (2022 yil 20 aprelida qaror o‘z kuchini yo‘qotgan).

Avvalroq 2018 yildan buyon mamlakatda 200 ga yaqin maktab o‘z yerlarining bir qismidan noqonuniy ravishda mahrum bo‘lgani xabar qilingandi. Barcha holatlarning qariyb uchdan bir qismi Andijon viloyatida qayd etilgan bo‘lib, 61 ta maktab o‘z hududining jami 24,8 gektar yerni yo‘qotgan.