O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida O‘ng‘or tog‘i hududining Qirg‘izistonga berilishiga munosabat bildirdi.

«Milliy tiklanish» partiyasidan saylangan deputat Abdumalik Akramov Farg‘ona vodiysidagi eng baland nuqtalardan biri hisoblangan, Namangan viloyatiga yaqin joylashgan O‘ng‘or tog‘ida O‘zbekiston va Qirg‘izistonning radio va televideniye antennalari joylashganini ta’kidladi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston Qirg‘izistonga ushbu 35 gektar maydonni beradi. (Shu kuni deputatlar tomonidan mazkur shartnoma, shuningdek, Andijon (Kampir-obod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida qonun qabul qilingani haqida yozgan edik).

Abdulla Aripov O‘zbekiston tomondan tog‘ cho‘qqisiga chiqishning iloji yo‘qligini ta’kidladi.

«Yana bitta qiziq tomoni shuki, u tog‘ cho‘qqisiga O‘zbekiston tomonidan chiqa olmaysiz — yo‘l yo‘q. Faqat Qirg‘iziston tomonidan chiqasiz. Shunaqa nyuansi bor. Ko‘plar buni bilmaydi. Aytmoqchi bo‘lgan narsamiz, [yo‘l] ular tomonidan bo‘lgani uchun kompromiss (bir-biriga yon bosish — tahr.) taklif bo‘lgan. Unga binoan ular ham, biz ham foydalanish taklif etilyapti. Ya’ni biz ularga joy ajratishga imkoniyat yaratib beryapmiz, ular esa bizga yo‘l nuqtai nazaridan u yerga chiqib-tushish imkoniyatini yaratadi. Shunaqa kelishuv bor», — deya ta’kidladi hukumat rahbari.

O‘zbekiston tomoni O‘ng‘or tog‘ (Ungar-Too) hududini Qirg‘izistonga berishga tayyorligi haqida dastlab 2021 yilning martida Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida ma’lum bo‘lgan edi.

«Qirg‘iziston tomoni O‘zbekistonning Qirg‘iziston hududida joylashgan So‘x anklaviga transport va havo qatnovlarini ochishga tayyor. Anklav aholisi davlat chegarasidan bemalol o‘tishlari mumkin. O‘z navbatida, o‘zbek tomoni Qirg‘izistonga o‘sha vaqtgacha chegara hududi aholisi o‘rtasida kelishmovchilik va siyosiy ziddiyatga sabab bo‘lgan Ungar-Too hududini berishga tayyor», — deya qayd etgan edi Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati.

Foto: Turmush.kg.

O‘ng‘or tog‘ining balandligi 900 metrni tashkil etadi. Qirg‘iz matbuoti xabariga ko‘ra, bahsli hududda avval ham mojarolar bo‘lgan. Kaktus.media nashrining yozishicha, 2016 yilning 22 avgust kuni O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining bir necha xodimlari vertolyot yordamida toqqa qo‘ngan va Qirg‘izistonning to‘rt fuqarosi — radiorele stansiyasi xodimlarini qo‘lga olgan. 8 sentabr kuni ular qo‘yib yuborilgan, 18 sentabr kuni esa O‘zbekiston vakillari tog‘ni tark etgan