Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Istanbul shahri Beyo‘g‘li tumanidagi Istiqlol ko‘chasida yuz bergan portlash oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan prezident Rejep Tayyip Erdo‘g‘anga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi xabar qildi.

Davlat rahbari vafot etganlarning oila a’zolari hamda yaqinlariga taskin-tasalli va bardamlik, jarohat olganlar tez fursatda sog‘ayib ketishini tiladi.

Istanbuldagi portlash

13 noyabr kuni soat 16:20 da Turkiyaning Istanbul shahri Beyo‘g‘li tumanidagi Istiqlol ko‘chasida portlash sodir bo‘ldi. Shahar voliysi Ali Yerlikayaning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi, 53 kishi jarohatlandi.

Mamlakat prezidenti Rejep Tayyib Erdog‘an «hujumda terroristik akt hidi bor»ligini qayd etdi. «Bir ayol kishining ushbu ishda roli borligi yuzasidan dastlabki dalillar mavjud», — dedi u.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi hodisa yuzasidan munosabat bildirar ekan, shahar hokimiyati qoshida tuzilgan shtab bilan aloqada ekanini ma’lum qildi. «Xozirga qadar hodisa oqibatida jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari mavjudligi haqida ma’lumot yo‘q», — deyiladi yana bir xabarda.