Xorazmning Qo‘shko‘pir tumanida masjid qurilishi uchun yig‘ilgan 40 mln so‘mni o‘zlashtirgan imom aniqlandi, deya xabar qildi viloyat prokuraturasi matbuot xizmati.

Qo‘shko‘pir tumanidagi «Islom bobo» jome’ masjidi imom-xatibi Q.I. masjidni yangidan hashar yo‘li bilan qurilishi haqida og‘zaki va ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lonlar tarqatgan. U xizmat mavqeidan foydalangan holda fuqarolardan 40 mln so‘mdan ortiq pul mablag‘larini yig‘ib, masjid qurilishiga ishlatmasdan o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatgani aytilmoqda.

Holat yuzasidan Qo‘shko‘pir tuman IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani qayd etib o‘tildi.