Metro bekatlari yaqinidagi veloturargohlar xavfli degan qarashlar bor. «Gazeta.uz» bir nechta bekatlarga borib, velosipedchilardan turargohlar haqidagi fikrlarini so‘radi. Quyida muxbirimiz Madina A’zamning fotoreportajini e’tiboringizga havola etamiz.

Suhbatdoshlarning barchasi bir fikrni — metro bekatlari oldidagi veloturargohlar xavfsiz ekanligini ta’kidlashmoqda.

«Sergelidan o‘quv markaziga kelaman. Yo‘llar yaxshi. Yarim-bir soatga «parkovka»ga qo‘yaman. Yoshligimdan velosiped haydayman. Qishda ham haydayveraman, muammo tug‘dirmaydi», — deydi Madina Abdunazarova.

Suhbatdoshlardan biri mashinasi bo‘lsada, velosipedni afzal ko‘rishini ma’lum qildi.

«Besh yildan beri velosipedda yuraman. Mashinam bor, lekin minmayman. Taxminan, metrogacha 5 km yo‘l bosib kelaman. Metroga velosipedni qo‘yib, «Bunyodkor»ga, ishxonamga borib, qaytib kelaman. Velosipedimni olib, keyin uyga ketaman», — deydi Shuhrat Xudoyqulov.

«Bu velosipedni bozordan 1 350 000 so‘mga olganman. 5-bekatda velosipedim 3−4 soat turadi. O‘g‘irlab ketishlaridan xavotirlanmayman ham, qo‘rqmayman ham, chunki hamma tomonda kameralar bor. Shu sababli bemalol haydab kelaman», — deydi Najmiddin Yaxshiqulov.

Suhbatdoshlardan biri 30 yildan ortiq velosipeddan foydalanishini qayd etdi.

«Bugun ham yomg‘ir bo‘lishiga qaramasdan velosipedim bilan chiqdim. Havoni qanaqa bo‘lishidan qat’iy nazar, qish kunlari ham ishga velosipedda borib kelaman. Velosipedda yurish xavfli emas, yo‘l qoidalariga amal qilsangiz, hammasi yaxshi bo‘ladi. Velosiped 5−7 soatlab turaveradi. Ishdan qaytib kelib, velosipedimni minib, uyga ketaveraman. Juda qulay», — dedi Hafiz Eshmurodov.

«Kech bo‘lsa ham velosipedga hech kim tegmaydi, ko‘nglimiz xotirjam, chunki kameralar, militsiyalar bor. Qish faslida velosipeddan foydalanish biroz qiyinchilik tug‘diradi. Qorli, yer muzlagan vaqtlarda boshqa transport vositalaridan foydalanamiz. Qolgan vaqtlarda, yomg‘ir yog‘sa ham, bemalol velosipedda kelib ketsa bo‘ladi», — deydi Salohiddin Murodov.