13 noyabr kuni soat 16:20 da Turkiyaning Istanbul shahri Beyo‘g‘li tumanidagi Istiqlol ko‘chasida portlash sodir bo‘ldi. Shahar voliysi Ali Yerlikayaning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi, 53 kishi jarohatlandi.

Mamlakat prezidenti Rejep Tayyib Erdog‘an «hujumda terroristik akt hidi bor»ligini qayd etdi. «Bir ayol kishining ushbu ishda roli borligi yuzasidan dastlabki dalillar mavjud», — dedi u.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan Vodafone Park stadionida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Beshiktosh» — «Antalyaspor» uchrashuvi bekor qilindi.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi hodisa yuzasidan munosabat bildirar ekan, shahar hokimiyati qoshida tuzilgan shtab bilan aloqada ekanini ma’lum qildi. «Xozirga qadar hodisa oqibatida jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari mavjudligi haqida ma’lumot yo‘q», — deyiladi yana bir xabarda.