oktabr oyi oxirida Fransiyaning Bordo shahrida 30 dan ortiq davlatdan 22 yoshgacha bo‘lgan yosh mutaxassislar ishtirokida WorldSkills 2022 ishchi kasblar bo‘yicha navbatdagi jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston mazkur tadbirda ilk bor ishtirok etdi. Mamlakat nomidan ishtirokchilar ikki yo‘nalishda ishtirok etishdi: quruq qurilish va suvoqchilik hamda mobil robototexnika. «Gazeta» muxbiri ikki yo‘nalish ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.

Uy qurish

«U yerda barcha [yo‘nalish] bo‘yicha: sartaroshdan tortib muhandislargacha bellashadi. Men quruq qurilish — suyuq qorishmasiz gipsokardondan samorez va profillar yordamida uy va konstruksiyalarni qurish bo‘yicha musobaqalashdim», — deydi Akbar Abdirahimov.

Akbar Buxoroda yashaydi, Buxoro davlat universiteti san’atshunoslik fakultetining 4-bosqichida tahsil oladi. O‘zi qurilishga qiziqadi, maxsus o‘quv markazi bilan shug‘ullanadi.

U, barcha 14 nafar ishtirokchi singari, taxminan 2 ga 2 metr bo‘lgan gipsokarton uyni qurishi va bezashi kerak edi. Buning uchun uch kun muddat beriladi: birinchi kuni uyning o‘zini quriladi, bunga 12 soatgacha ketadi, ikkinchi kuni shuvoq ishlariga 4 soatgacha vaqt beriladi, uchinchi kuni esa dekoratsiya, masalan, chashpak («nalichnik») uchun 2 soat erkin uslub («fristayl») uchun yana 2 soat beriladi.

«Fristayl, bu — ishtirokchining ko‘rsatmoqchi, o‘z ishida qo‘llashga hali ulgurmagan ko‘nikmalarini namoyish etmoqchi bo‘lgan narsasi», — deya tushuntiradi Akbar.

U vazifasiga ijodiy yondashdi va uy devoriga bosh shaklidagi kompozitsiyani joylashtirdi va unga «Think outside the box» («Doiradan tashqarida fikrla») so‘zlarini yozdi. Bu bilan u odamlarni keng va nostandart fikrlashga undadi.

Finalda Akbar Abdirahimov 6-o‘rinni egallab, «Quruq qurilish va suvoqchilik» yo‘nalishi bo‘yicha «Professionallik uchun» medali bilan taqdirlandi. Bunday medal o‘z kasbiy malakasini yuqori darajada namoyon etganlarga beriladi.

Mobil tibbiy yordamchi robot

O‘zbekiston ishtirok etgan ikkinchi yo‘nalish mobil robototexnika bo‘ldi. Raqiblar 84 nafarni tashkil etib, topshiriq bo‘yicha ular atigi 4 soat ichida kasalxonada yordam beradigan mobil robotni yig‘ishlari kerak edi.

«Bunday tibbiy yordamchi nogironlar aravachalarini reanimatsiya bo‘limidan palataga ko‘chirishi, dori vositalarini tashishi va tarqatishi, dezinfeksiya ishlarini olib borishi kerak», — deydi Suxrob Haydarov.

Suhrob 18 yoshda, u IT Park`da 7 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlarga robototexnika fanidan saboq beradi. U robototexnikaga 6 yil avval qiziqib qolgan va fristayl toifasida (aniq vazifa bo‘lmaganda va qanday robotni yig‘ishini texnikning o‘zi hal qiladigan yo‘nalish) mobil robototexnika bo‘yicha besh karra jahon chempioni bo‘lib ulgurgan.

«Hamkasbim bilan o‘lchami taxminan 50 santimetr bo‘lgan robot yig‘dik, u nogironlar aravachalarini harakatga keltirishi, dori-darmonlarni tarqatishi va 540 daraja (180+360 — tahr.)ga aylanishi, o‘z atrofidagi joylarni dezinfeksiyalashi mumkin», — deydi Suxrob.

Suhrob va uning jamoadoshi 84 raqib orasida 17-o‘rinni egalladi.

«Biz yaxshi ham, yomon ham emas, balki o‘rtacha ishtirok etdik. Har bir chempionat uchun ishtirokchilar ikki yil tayyorgarlik ko‘rishadi, biz bir-ikki oygina tayyorgarlik ko‘rdik, natijada shunday bo‘ldi. Lekin intilish uchun asoslar bor», — deydi Suxrob.

Birinchi o‘rinlarni mos ravishda Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya egalladi.

«Osiyo vakillari har doim birinchi o‘rinni egallashadi, chunki bu ularning mavzusi, ular bolalikdan bu bilan shug‘ullanishadi. Shaxsan men kolumbiyaliklardan hayratda qoldim, bu bolalar xitoylik va yaponlardan farqli o‘laroq, butunlay boshqacha sharoitlarda tayyorgarlik ko‘rishdi, lekin ular ajoyib chiqish qilishdi va to‘rtinchi o‘rinni egallashdi», — dedi u.

Robot texnikasida Suhrob yig‘ish va sozlashni o‘z ichiga olgan muhandislik qismini ko‘proq yoqtiradi, robotni dasturlash unga kamroq yoqadi. U o‘z sevimli mashg‘ulotini muhim deb biladi, chunki unda o‘z kelajagi ufqlarini ko‘rmoqda, bu sanoatda texnologiyalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Suxrob robotlarning nafaqat yaratilishi, balki ularda «amaliy qo‘llanmalar» mavjudligi muhim deb hisoblaydi.

World Skills jahon chempionati 1946 yildan beri har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinmoqda. Bugungi kunda unda 80 ta davlat ishtirok etmoqda. O‘zbekiston World Skills International xalqaro harakatiga 2020 yilda qo‘shilgan, biroq pandemiya tufayli faqatgina bu yil Jahon chempionatida qatnasha oldi.